Tuman IIBda. Jondorda osoyishtalik
2024-05-13 10:10:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyatining Jondor tumani IIB xodimlari yurt osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishdek masʼuliyatli hamda xayrli vazifani bajarishga munosib hissa qoʻshib kelishyapti. Tuman IIB faoliyati bilan tanisharkanmiz, bunga yana bir karra amin boʻldik.
— Joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar anchayin salmoqli, deydi tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, mayor Odil Umurov. Bunda barcha sohaviy xizmat xodimlari, mahalla “yettiligi” hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan profilaktik tadbir-u targʻibotlarning ahamiyatini ham taʼkidlash mumkin. Shuning natijasida qotillik, ogʻir va oʻrtacha tan jarohati yetkazish, oilaviy zoʻravonlik, bosqinchilik, talonchilik kabi jinoyatlar umuman qayd etilmadi, firibgarlik, oʻgʻrilik hamda bezorilik jinoyatlari esa keskin kamayishiga erishildi. Sodir etilgan jinoyatlarni fosh qilish koʻrsatkichi ham yaxshilandi.
Joriy yilning 12-mart kuni tuman IIB TQKG hamda YHXG xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan reyd tadbirlari jarayonida “Shoʻrobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oʻtuvchi “M-37” avtomagistral yoʻlida qarama-qarshi yoʻnalishda ketayotgan “Armada motors” rusumli moped haydovchisi Q.U. toʻxtatib tekshirilganda, uning yonidan 3 dona oq sellofan paketga oʻralgan koʻkimtir rangli, oʻtkir hidli 38,08 gramm miqdoridagi marixuana giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida xolislar ishtirokida uning yashash xonadoni yotoqxonasining kiraverishidagi pol tagidan ham sellofan paketga solingan umumiy vazni 155,8 grammni tashkil qilgan marixuana giyohvandlik vositasi chiqdi.
Oʻtgan uch oy davomida jazoni ijro etish koloniyalaridan kelgan 11 nafar mahkumga bir martalik moddiy yordam pullari berilgach, Probatsiya guruhi tomonidan toʻgʻri turmush tarzini taʼminlash maqsadida ular ishga joylashtirildi. Shundan 6 nafari qayta kasbga oʻqitildi. Jazodan boʻyin tovlab kelgan 9 nafar mahkumga ogʻirroq turdagi jazo tayinlandi. Mehnatga halol va vijdonan yondashgani uchun 17 nafar mahkum jazodan shartli ravishda ozod qilindi.
“Shoʻrobod” mahallasi tumanning namunali hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanishadi. Mahalladagi 185 ta oila boshligʻi tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Shuningdek, oʻnga yaqin korxonalar faoliyat koʻrsatadi. Aholining aksariyati shu korxonalarda ishlashadi. Profilaktika inspektori, katta leytenant Temir Ochilov mahalla raisi va faollar bilan hamkorlikda xizmatni tashkillashtirgan. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar bilan profilaktik targʻibotlarni kuchaytirgan tartibda olib bormoqda. 10 nafar uyushmagan yoshlarga 20 sotixdan yer maydoni ajratilib, ular dehqonchilik qilishlari uchun sharoit yaratildi. Bunday ishlar oʻz samarasini beryapti. Mahalla hududida uch yildan beri jinoyat qayd etilmadi, huquqbuzarlik holatlari keskin kamaydi.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati