IIV Akademiyasi boshligʻi magistraturada taʼlim olayotgan tinglovchilar bilan muloqot qildi
2024-05-10 09:00:00 / Yangiliklar

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil hayotimizga chuqur singib bormoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ana shu mezonni qatʼiy maqsad, pozitsiyaga aylantirishni taqozo etmoqda.
Bugun ichki ishlar organlarining har bir vakili, ayniqsa rahbar kadrlar zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his etishi, halol va vijdonan xizmat qilishi, faoliyatini tanqidiy baholab borishi lozim.
Davra suhbati avvalida akademiya boshligʻi Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyati, pirovard natijalari, xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgan yuksalishlar, kelgusidagi ustuvor maqsad va vazifalar haqida batafsil toʻxtaldi.
Keyingi yillarda ichki ishlar sohasida ham ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilib, xalq bilan yaqindan ishlaydigan yangi tizim yaratilgani taʼkidlandi.
Soha uchun yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash maqsadida taʼlim jarayoni tubdan isloh qilindi. Oʻqitishning interfaol yondashuvlari, xorijning ilgʻor tajribalarini oʻrganish yoʻlga qoʻyildi.
Muhimi, faqat bilim berish bilan cheklanib qolayotganimiz yoʻq. Ustuvor maqsadimiz islohotlar talabiga mos boshqaruv kadrlarini tayyorlashdir, – dedi akademiya boshligʻi Rustam Xatamov.
Tadbir ochiq muloqot ruhida davom etdi. Tinglovchilar bugunning rahbari qanday boʻlishi kerakligi, zamonaviy boshqaruvning oʻziga xos xususiyatlari, rahbar maʼnaviyati, shaxsiy fazilatlarining jamoadagi oʻrni, xodimlarning kasbiy madaniyatini yuksaltirish, tizim obroʻyini oshirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish omillari yuzasidan zarur tavsiyalar oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati