Ichki ishlar vaziri bir nechta xonadonlarga tashrif buyurib, faxriylar, nuroniylar va keksa avlod bilan uchrashib, davlatimiz rahbarining ezgu tilaklarini yetkazdi
2024-05-08 20:50:00 / Yangiliklar
Xotira – aziz, qadr – muqaddas. Yurtimizda bayramlar oldidan keksa avlod vakillariga hurmat koʻrsatish, nuroniy, faxriylar holidan xabar olish yaxshi anʼanaga aylangan. Sababi, bugungi osuda kunlarimiz, farovon turmushimiz ularning mashaqqatli xizmati va bukilmas irodasi evaziga ekanini unutmaslik lozim.
Ayni shu maqsadda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov va masʼullar poytaxtimizda istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front va front orti faxriylari xonadonlarida boʻlib, Prezidentimizning bayram tabriklarini yetkazishdi, shuningdek bayram sovgʻalarini ulashib, quvonchlariga sherik boʻlishdi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi Siglinseva Tamara Petrovnaning bolalik paytlari Leningrad qamalida oʻtgan. Urushning mashʼum xotiralari uning murgʻak qalbida muhrlangan. Ellik toʻqqiz yil umrini mehnat qilishga sarflagan, koʻplab qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazgan qahramonimiz bugungi dorilamon kunlarga shukrona keltiradi.
Yana bir faxriyimiz – Chilonzor tumani, Nafosat mahallasida istiqomat qiluvchi Komarova Mariya Sergeyevna boʻladi. Ikkinchi jahon urushining insonlar qalbidagi ogʻriqli onlarining dahshatini kinofilmlar orqali emas, oʻz xotiralari bilan eslaydi. Kuchli iroda, matonat va hayotsevarlik Mariya Sergeyevnani bugungi tinch hamda farovon kunlargacha yetib kelishida muhim vosita boʻldi. Qahramonimiz Ichki ishlar vaziri bilan uchrashuvda albatta, bugungi osoyishta kunlarga yetib kelganidan baxtiyorligi, davlat rahbarining eʼtiboridan minnatdor ekanini bildirdi.
Masʼullar ushbu mahallada yashovchi yana bir faxriy – Sokolova Tamara Mixaylovna xonadonida boʻlib, nuroniy onaxon bilan suhbatda boʻlishdi. Hayotining koʻp qismini oʻzbek xalqi bilan oʻtkazgan qahramonimiz oʻttiz olti yil umrini ilmga, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishga bagʻishladi. Ichki ishlar vaziri xonadoniga tashrifi davomida Tamara Mixaylovna bilan samimiy suhbatlashar ekan, uning mashaqqatga toʻla umr yoʻli bugungi yosh avlod uchun chinakam hayot maktabi ekanini taʼkidladi.
Mutasaddilar keksa faxriylar bilan uchrashish asnosida ularning yashash sharoiti, salomatligi hamda muammolarini ham oʻrganishdi. Faxriylar xonadonlariga tashriflar davomida Ichki ishlar vazirligi hamda Qorovul qoʻshinlari orkestrlari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar ularga yana bir bor koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Bu kabi tadbirlar respublika miqyosida oʻtkazilmoqda va ularda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ham ishtirok etmoqda.