Fidoyi xodimlar. Baxt — oilaning naqshi
2024-05-06 22:30:00 / Yangiliklar

Baxtli oila boʻlib yashash har bir insonning orzusi. Lekin birgina xohish-istakning oʻzi bilan bunga erishib boʻlmaydi. Hayotning past-u balandi, oʻnqir-choʻnqir yoʻllarida inson boshiga turli sinovlar tushishi mumkin. Ajralishlar, farzandlarning ota yoki ona mehridan mosuvo boʻlib oʻsishi nafaqat bolalar kelajagi, balki jamiyat rivoji uchun ham katta yoʻqotishdir. Afsuski, buni hamma ham his qila olmaydi.
-Xizmat faoliyatim davomida koʻplab oilalarni yarashtirishga erishgan boʻlsam, bu osonlikcha kechgani yoʻq, — deydi Kosonsoy tumani IIB JXX xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, mayor Umida Abbosova. — Ayniqsa, oilada turmush oʻrtogʻi va uning yaqinlari tomonidan tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarning taqdiri chigallashib ketayotgani achinarlidir.
Lavhamiz qahramoni 2014-yilda faoliyatini tergovchilikdan boshlagan. 2022-yilda hozirgi lavozimiga ishga oʻtdi. U gʻayrati, shijoati, muammoni teran tahlil etib, toʻgʻri qaror qabul qila olish qobiliyati bilan zimmasidagi masʼuliyatli vazifalarni sidqidildan bajarib kelmoqda.
Yil boshidan buyon tumanda 27 nafar tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizga himoya orderi berilib, 22 nafar ajrim yoqasidagi oila yarashtirildi. Bundan tashqari, tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolari hamkor idora va tashkilotlar bilan hal etib kelinmoqda. Profilaktik hisobda turgan 30 nafar xotin-qizdan 5 nafarining bandligi taʼminlandi. 3 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishga koʻmaklashildi, bir nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklashda amaliy yordam koʻrsatildi. Xususan, “Qorasuv” mahallasida yashovchi Mohichehra Qodirovaga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashildi. Jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan 3 nafar xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatilib, bandligi taʼminlandi.
Mayor U. Abbosova nafaqat jamiyatda oʻz oʻrnini topgan, balki oilada ham baxtli ona, uddaburon kelin, sevimli rafiqa, desak, mubolagʻa emas.
U mahallasidagi namunali oilaga kelin boʻlib tushgan. Oiladagi sogʻlom muhit tufayli hamma bir-biriga koʻmakdosh. Katta qaynona Mahmudaxon momo Umida va Azizjonning ikki farzandini maktab va bogʻchaga borib kelgandan soʻng darslarini bajarishini oʻzi nazorat qiladi. Turmush oʻrtogʻi Azizjon Fayzullayev Namangan muhandislik texnologiya institutida psixolog boʻlib ishlaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, mayor Umida Abbosovaning masʼuliyatli ishidagi muvaffaqiyatli natijalarida oilasidagilarning ham hissasi bor.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.