Namangan viloyati IIB boshligʻi tomonidan “Xavfsiz mahalla” oyligi davomida “mahalla yettiliklari” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2024-05-05 12:20:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hududida may oyi “Xavfsiz mahalla” oyligi deb eʼlon qilinib, unda mahallalarni jinoyat va ishsizlikdan holi hududga aylantirish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etgan holda “Raqamli xavfsiz mahalla”ni shakllantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Bugun boshqarma boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev “Xavfsiz mahalla” oyligi doirasida “mahalla yettiliklari” va hududga biriktirilgan masʼul xodimlarning faoliyatini oʻrganish maqsadida Norin tumanida boʻlib, “Qorateri” hamda “Xoʻjaqoʻrgʻoncha” mahallalarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bandligini taʼminlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash, tomorqalardan unumli foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Oʻrganish davomida bir qator xonadon egalari bilan suhbatlashilib, ularning muammolari oʻrganildi va tomorqadan hamda uy xoʻjaligi imkoniyatlaridan samarali foydalanib, qoʻshimcha daromad orttirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishda ishsiz qatlamni band qilish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, xorijda boʻlgan fuqarolarimizni Vatanga qaytarish va ularni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash, yoshlar tomonidan salbiy holatlar sodir etilishining oldini olishda esa maktablarda davomat tadbirlarini muntazam ravishda oʻtkazib borish hamda “mahalla – maktab – oila” tamoyili asosida manzilli ishlar tashkil etish yuzasidan masʼul xodimlarga aniq topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati