Namangan viloyati IIBda birinchi chorak yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sarhisob yigʻilishi oʻtkazildi
2024-05-01 11:55:00 / Yangiliklar
![Namangan viloyati IIBda birinchi chorak yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sarhisob yigʻilishi oʻtkazildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F945a821b-85a1-78da-d158-43d9b1f4b3e1_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Polkovnik Shuxrat Aliyev huzurida videoselektor tarzida oʻtkazilgan hisobot yigʻilishida boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari viloyat studiyasidan, shahar-tuman IIB rahbariyati, viloyat IIBdan biriktirilgan masʼul xodimlar esa tuman studiyasidan ishtirok etishdi.
Dastlab, boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlarining shahar-tuman IIBlarda oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, faoliyat davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va erishilgan ijobiy natijalar, shuningdek, oʻzlari masʼul etib biriktirilgan Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarining bir oylik ish natijalari yuzasidan axborotlari tinglandi. Shundan soʻng, shahar-tuman IIBlar boʻyicha yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar birma bir tahlil qilinib, bunga sababchi boʻlgan rahbar hamda xodimlarning xizmat faoliyati keskin tanqid qilindi va ularga intizomiy taʼsir choralarini koʻrish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda may oyini “Xavfsiz mahalla” oyligi deb eʼlon qilinib, unda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar tinchligi, jamoat hamda yoʻl harakati xavfsizligini ishonchli taʼminlash, mahallalarni “Raqamli xavfsiz mahalla”ga aylantirish orqali xavfsiz muhitni yaratish, ayniqsa, ayollar, yoshlar, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ularning bandligini taʼminlash, maktablarda davomat tadbirlarini doim oʻtkazib borish, shuningdek, fuqarolar murojaati va tergovga qadar tekshiruv materiallari yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilish, xodimlar oʻrtasida xizmat intizomiga qatʼiy amal qilishi, xodimlarni munosib tarzda ragʻbatlantirish yuzasidan masʼul xodimlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati