audio

    0+
    Kriminologiya sohasida Germaniyaning yetakchi ilmiy muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda

    Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi (Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi oʻrinbosari I.Yu. Fozilov, IIV Akademiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari B.A. Rajabov) 2024-yilning 15–19-aprel kunlari Germaniya Federativ Respublikasining Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot institutiga ilmiy xizmat safarini amalga oshirdi.

    Xizmat safari davomida Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti direktori, professor Bliesener Thomas bilan uchrashuv oʻtkazilib, ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

    Muzokaralar natijasida kriminologik tadqiqotlar natijalari boʻyicha chop etilgan ilmiy nashrlarni oʻzaro almashish, hamkorlikda «Kriminologiya» xalqaro ilmiy-amaliy jurnalini taʼsis etish, shuningdek, birgalikda xalqaro forum oʻtkazish va qoʻshma xalqaro ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Bundan tashqari, «Staff Mobility» – ilmiy xodimlarning almashinuvi dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutining xodimlarini 14 kundan 4 oygacha muddatga Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot institutiga ilmiy stajirovka oʻtashga yuborish masalasi ishlab chiqilishi belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Germaniya Federal taʼlim va tadqiqot vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), German akademik almashinuvlar xizmati (DAAD), Nemis ilmiy-tadqiqot jamiyati (Deutsche Forschungsgemeinschaft), Germaniyadagi kriminologiya institutlari (Maks Plank jinoyat, xavfsizlik va huquqni oʻrganish instituti, Visbaden shahridagi Kriminologiya markazi) bilan ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishida Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan uslubiy yordam koʻrsatilishi maʼlum qilindi.

    Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi aʼzolari Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot institutining faoliyati va ishlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishtirildi.

    Ushbu Institut 1979-yilda tashkil etilgan boʻlib, kriminologik tadqiqotlar sohasidagi mustaqil ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

    Institut faoliyati Quyi Saksoniya Fan va madaniyat vazirligi tomonidan moliyalashtirilib, yillik moliyalashtirish hajmi 1,5 million yevroni tashkil etadi.

    Institutning tashkiliy tuzilmasi boshliqlar kengashi, gʻayriijtimoiy xulq-atvor omillarini tadqiq qilish shoʻbasi, viktimologiya tadqiqot shoʻbasi, ijtimoiy nazorat institutlarini tadqiq qilish shoʻbasi, metodik taʼminlash boʻlimi va maʼmuriyatdan iborat.

    Institutda tadqiqotlar fanlararo yondashuv tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Institut ilmiy xodimlari kriminologiya, sotsiologiya, psixologiya, huquq va siyosatshunoslik fanlari mutaxassislari boʻlib, ilmiy tadqiqotlarni bajarishda ushbu sohalardagi bilimlar kompleks qoʻllaniladi.

    Xizmat safari yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti va Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumni ishlab chiqish va kelgusida yaqin ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishildi.

    • view_icon 352