audio

    0+
    Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning oilalari oʻrtasida «Namunali oila» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi

    «Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat» gʻoyasini hayotga tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, dunyoqarashi va maʼnaviyatini yuksaltirish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning oilalari oʻrtasida «Namunali oila» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi. Koʻrik-tanlovda viloyat Ichki ishlar organlari soha-xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar boʻlimida xizmat olib borayotgan yetti nafar xodimlarning oila aʼzolari ishtirok etishdi.

    Uch shart «Tanishtirish», «Bu mening oilam» va «Biz kitobxon oilamiz» yoʻnalishlarida boʻlib oʻtgan tanlovda ishtirokchilar bor mahorat va tajribalarini ishga solib kurashdilar.

    Ishtirokchi oilalarning aʼzolarini, oiladagi urf-odatlari, namunali jihatlari, erishgan yutuqlarini aks ettirgan holda sheʼriy va sahna koʻrinishlari tarzida oʻzlarini tanishtirishi, oilaviy fotosuratlardan iborat elektron fotoalbom hamda oʻzlarining jamiyatda tutgan oʻrni, kasbi, sevimli mashgʻuloti, oʻzaro oilaviy munosabatlari, oiladagi anʼana va qadriyatlarini aks ettiruvchi videorolik hamda oʻzbek va jahon adabiyoti namoyondalari, buyuk mutafakkir va adiblar qalamiga mansub 10 ta badiiy asarlarning mazmun-mohiyati, gʻoyasi va ahamiyati boʻyicha savollar asosida qatnashchilarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlari sinovdan oʻtkazildi.

    Qizgʻin bahs-munozara asosida kechgan koʻrik-tanlovda Gʻuzor tumani ichki ishlar boʻlimi katta inspektori, safdor Oʻtkir Xurramovning oilasi 3-darajali diplom va 1 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti, Yakkabogʻ tumani ichki ishlar boʻlimi profilaktika katta inspektori, mayor Matlabjon Bobomurodov 2-darajali diplom va 2 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

    Tanlovda barcha shartlarga aʼlo darajada javob berib, mutlaq gʻoliblikni Mirishkor tumani ichki ishlar boʻlimi xodimi kapitan Salohiddin Xoliqovning oilasi 1-darajali diplom va 3 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanib, «Namunali oila» koʻrik tanlovining respublika bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritdi.

    Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati

    • view_icon 376
    : 2024-04-27 16:42:26