audio

    0+
    Yaqin tarix sahifalarida. Yovuzlikning yengilishi

    Tergov izolyatorining zax va qorongʻi xonasi. Mirzaanvar Haydarov, bir tomondan, nohaq qamalgani, ikkinchi tomondan, yaqinlari qay ahvolga tushganini oʻylab, ich-ichidan ezilardi…

    Qama-qamalar boʻhronida Toshkent shahridagi 3-sonli meva-sabzavot ombori direktori qoʻlga olinadi. Tergov davomida oʻtkazilgan qiynoq va bosim ostida u ichki ishlar organlarining bir necha xodimiga qarshi koʻrsatuv berishga majbur qilinadi. Ombor direktori oʻsha vaqtdagi Frunze (hozirgi Yakkasaroy) tumani IIB Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻlimi xodimi M. Haydarov kombinatga kelgan kartoshka va olmalar boʻyicha ishni yopib yuborish, taftish olib bormaslik hamda vazirlik tekshiruvlarini toʻxtatish kabi ishlar evaziga katta miqdorda pora hamda olti quti apelsin olganligi toʻgʻrisida koʻrsatuv beradi. Mazkur ishni tergov qilish respublika prokuraturasining oʻta muhim ishlar boʻyicha tergovchisi Shitovga topshiriladi. Tergovchi M. Haydarovni qoralash maqsadida uning safdoshlaridan salbiy tavsifnoma yigʻishni boshlaydi. Biroq xizmatdoshlari va rahbarlari faqat iliq fikrlarni bildirishini kutmagan tergovchi ulardan qayta va qayta qoralovchi tavsifnoma yozib berishni qatʼiy talab qiladi. Natijada 1985-yilning 23-sentyabrida Mirzaanvar Haydarov hibsga olinadi.

    M. Haydarov uch oy davomida jinoyatchilar bilan bitta kamerada ushlab turildi. Lekin barcha azoblarga bardosh bergan lavhamiz qahramonini qabih niyatli kimsalar irodasini sindira olishmadi.

    1986-yilning mart oyida unga nisbatan ayblov xulosasi eʼlon qilindi va iyun oyida sud jarayoni boshlandi. Sudda majburan koʻrsatma bergan ombor direktori negadir qatnashmayotganligi, tergovga jalb qilingan boshqa fuqarolar har xil koʻrsatmalar berayotganligi sababli M. Haydarovning advokati holatga aniqlik kiritish maqsadida vaqt berishni soʻraydi va shu tariqa sud jarayonlari bir qancha muddatga qoldiriladi. Avgust oyida ikkinchi sud jarayonlari boshlanadi. Nohaqliklar davom etgani holda, M. Haydarovga 8-yil qamoq hamda mol-mulkini musodara qilish va jarima jazosi tayinlanadi. Oradan maʼlum bir muddat oʻtib, bu ish Oliy sud tomonidan oʻrganiladi va qaror bekor qilinib, qayta koʻrib chiqish uchun yuboriladi.

    Dastlab turmush oʻrtogʻim qamoqqa olinganidan xabarimiz boʻlmagan, deydi Naima opa. Oradan bir kun oʻtib xonadonimizda tintuv oʻtkazish uchun kelishgandagina barchasidan voqif boʻlganmiz. Sobiq ittifoq Bosh prokuraturasining alohida muhim ishlar boʻyicha guruhi kelib, erim katta miqdorda pora olishda gumon qilinib qamoqqa olinganini aytishgan. Keyinchalik boʻlib oʻtgan sud majlislarida maʼlum boʻldiki, oʻsha kuni turmush oʻrtogʻimni tezlik bilan majlisga yetib keling, deb aldov yoʻli bilan chaqirtirib qamoqqa olishgan ekan. Meni va turmush oʻrtogʻimning aka-ukalarini markazdan kelgan Bosh prokuratura tergovchilari soʻroq qilishgan. Oʻz tasdigʻini topmagan, quruq tuhmatdan iborat boʻlgan gaplar bilan bizni qoʻrqitib, «ering oliy jazoga hukm qilinadi», deb ruhiy bosim oʻtkazishgan. Bu holat men, farzandlarim va barcha yaqinlarimizga qattiq zarba boʻldi, 1 esankirab qoldik. Oʻshanda katta farzandim 6, ikkinchisi 5 yosh, uchinchi oʻgʻlim esa 10 oylik chaqaloq edi.

    Millatimiz gʻururini sindirib, oʻzbekni yomonotliq qilmoqchi boʻlgan razil, inson degan nomga noloyiq kimsalar oʻz mudhish niyatlariga yeta olmasliklariga, haqiqat qaror topib, adolat tiklanishiga umid bilan yashaganmiz. Bir nechta sud raislari boshchiligida boʻlib oʻtgan koʻplab sud majlislarida yuqoridagi tuhmat va boʻhtonlar oʻz tasdigʻini topmadi. Koʻrsatma berishga kelgan insonlarning barchasi turmush oʻrtogʻimga nisbatan qoʻyilayotgan ayblovlar asossiz ekanligini taʼkidlashgan.

    Darhaqiqat, adolat qaror topdi. Oxirgi instansiya sudida M. Haydarov jinoyat tarkibi va jinoyat voqeligi yoʻqligi sababli sud zalidan ozod qilinib, unvonlari tiklanishi va qamoqqa olinishiga qadar egallagan lavozimidan past boʻlmagan lavozimga tayinlanishi boʻyicha qaror eʼlon qilindi.

    — Bu biz uchun, koʻzlarida qalqigan koʻz yoshlari bilan otajonlarini bir koʻrishga zor boʻlgan farzandlari uchun, oʻzbek millatining gʻururi toptalmasligini istagan barcha insonlar uchun chinakam bayram, adolat tantanasi boʻlgan edi, deya soʻzida davom etadi Naima opa koʻz yoshlarini artarkan. Bu holatni soʻz bilan tariflashning iloji yoʻq, bu chinakam baxt, yovuzlikning yengilishi edi.

    22 oy qamoqda saqlangan Mirzaanvar Haydarov 1987-yilda toʻliq oqlanib, Oliy sud sudyasi Nabiyev tomonidan oqlanadi va sud zalidan ozod etiladi.

    Oʻz kasbini sevadigan yurt oʻgʻloni xizmatga qayta tiklanib, ishga shoʻngʻiydi. U Hamza tumani IIB va Toshkent shahar IIBda boʻlim boshligʻi lavozimida ishladi. 1997-yilda Yunusobod tumani IIB boshligʻi, 2002-yilda esa Chilonzor tumani IIB boshligʻi sifatida faoliyatini davom ettirdi. Tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolar xavfsizligi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan M. Haydarov 2006-yilda izzat-ikrom bilan polkovnik unvonidan pensiyaga kuzatiladi. U har qanday qiyinchilik, zahmatlarga qaramasdan, Vatanini va xalqini sevgani, uzoq yillik faoliyati davomida kasbiga sodiq boʻlib xizmat qilgani uchun rahbariyat tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan.

    Bunday tinib-tinchimaydigan, mehnatda suyagi qotgan inson pensiyaga chiqsada, uyida oʻtirib qolishi mumkin emas edi. Hamisha el dardida yurgan Mirzaanvar Haydarov poytaxtimizning muhtasham «Xalqlar doʻstligi» sanʼat saroyiga direktor lavozimiga tayinlanadi. Bir necha yil madaniyat va sanʼat ahli bilan hamkorlikda xayrli ishlarni amalga oshirdi.

    — Yunusobod tumani IIB boshligʻi lavozimiga tayinlanganidan boshlab Mirzaanvar aka bilan birga faoliyat yuritganman, deydi uning 7 haydovchisi, isteʼfodagi katta serjant Berkinbay Sayrambayev. Sanʼat saroyiga rahbar boʻlganining ilk kunida hamma ishchi-xodimlar ni yigʻib, bundan buyogʻiga shu yerda hammamiz bir oila boʻlib ishlaymiz, degan edi. Bundan barcha xodimlar xursand boʻlib, ruhlanib ketishgan. U kishining ʼ boshchiligida ishlash juda maroqli edi. Qishning sovuq kunlari, yomgʻirli ob-havo sharoitlarida konsertdan keyin xodimlarimiz kech qolib ketgan kunlarida, meni chaqirib, haydovchi yigitlarga ayting, uzoqda yashaydigan xodimlarni uylariga eltib qoʻysin, deya gʻamxoʻrlik qilardi. Ahil boʻlishni, hamkasblarning yaxshiligini oshirib, yomonini yashirib yurishni bot-bot takrorlardi. Ichki ishlar organlaridan chiqqan xodim boʻlsada, toʻqqiz yil sanʼat saroyida mehnat qilib, sanʼat va madaniyat xodimlari bilan xuddi shu sohaning vakili sifatida ishlab, yaxshi nom qozondi.

    Mirzaanvar Haydarov 2014-yilda 64 yoshida bu yorugʻ olamni tark etdi. Lekin uning ortidan uch oʻgʻil Abror, Ahror va Akmal ismli farzandlari qoldi. Abror va Akmal otasining izidan ketib, ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgan. Hozirda ikkalasi ham tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Ahror ham respublika Bojxona qoʻmitasi markaziy laboratoriyasidan pensiyaga chiqqan. Bugungi kunda u ham tadbirkorlik bilan mashgʻul.

    Insonlar bor, bu hayotga keladi-yu ketadi. Undan biror bir iz yoki nom qolmaydi. Ammo Mirzaanvar Haydarovdek bardoshli, sabrli hamda xalqini va Vatanini sevadigan, butun umrini tinchlik-osoyishtalikka baxshida qilgan mard va jasur oʻgʻlonlar yodi barhayotdir.

    Sarvar Sobirov, oʻz muxbirimiz. «Postda»
    Toshkent shahri

    • view_icon 196
    : 2024-04-26 12:39:03