Yoshlarni huquqiy tarbiyalash huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olishning muhim omilidir
2026-07-09 22:10:00 / News

Bugun O‘zbekiston tumani “Dashtcho‘lpon” mahallasida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, xususan yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev ishtirok etgan tadbirda asosan mahalla hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlar hamda ularni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.
Ayrim haydovchilar, xususan yosh haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transportni boshqarish madaniyatiga amal qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish hamda boshqa harakatlarda ifodalanadigan “agressiv boshqarish” holatlariga duch kelinayotgani afsus bilan tilga olindi.
Tadbir davomida bu borada profilaktik ishlarni kuchaytirish, mahalla, ota-onalar va tegishli tashkilotlar hamkorligini yanada mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.









