Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligi oshirilmoqda
2026-06-17 15:15:00 / News

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.
Farmonga muvofiq, Oliy sud tizimida alohida Komplayens nazorat xizmati tashkil etilib, sud apparati faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda xodimlarning kasb etikasi talablariga rioya etishini nazorat qilish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishda ochiq tanlov va meritokratiya tamoyillari joriy etilib, daromadlar va mol-mulkni deklaratsiya qilish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarishning elektron tizimlari yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur Farmon sud tizimida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Elyorjon Ismoilov
Fuqarolik ishlari bo’yicha O’zbekiston tumanlararo sudi raisi
