O‘zbekiston tumanida hunarmandchilik yanada rivoj topadi
2026-05-19 09:30:00 / News

O‘zbekiston tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev “Yangihayot” mahalla fuqarolar yig‘ini Jamanjar qishlog‘idagi hunarmand ayol, mohir gilamdo‘z usta Muhabbatxon Gʻofurovaning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uzoq yillardan buyon mazkur yo‘nalishda shug‘ullanib kelayotgan mohir hunarmand “Marhamatxon ustoz-shogird” korxonasiga ham asos solgan. O‘tgan vaqt davomida bu yerda besh yuzdan ziyod xotin-qizlar kasanachilik asosida qo‘y va echki junidan ip yigirish, rang berish, turli ko‘rinish va o‘lchamlarga ega gilam va sholcha to‘qish, gazlamaga gul bosish, yotoqxona choyshablari tayyorlash, tikuvchilik va to‘quvchilik sirlarini o‘rganishgan hamda bu an’ana xozirgacha davom etib kelmoqda.
Tabiiy xomashyodan to‘qilgan gilamlar ko‘plab chet davlatlarga eksport qilinadi va bevosita bu joyga xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlar ham mahsulotlarni katta qiziqish bilan xarid qilishmoqda.
Mohir hunarmand ayol nafaqat viloyatimiz, balki yurtimizning turli go‘shalarida o‘tkazib kelinayotgan turli festival va anjumanlarda o‘zining mahsulotlari bilan faol ishtirok etadi. Respublika miqyosida ayni yo‘nalishda tashkillangan ko‘plab tanlovlar g‘olibligiga sazovor bo‘lgan.
Endilikda, u o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish, xususan bu maskanga tashrif buyurayotgan mehmonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida shu joyning o‘zida kichik mehmonxona va “Nonvoychilik markazi” tashkil etish loyihasini yo‘lga qo‘ymoqchi.
Tuman hokimi mazkur loyiha bilan ham tanishdi. Tuman rahbari albatta, bu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Loyihani tegishli tartibda amalga oshirishga yaqindan ko‘maklashish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.









