O‘zbekiston tumanilik ikki nafar yoshlar yetakchisi respublikada yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchilaridan deb topildi
2025-12-23 15:35:00 / News

“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining respublika bosqichi yakuniga yetib, eng munosiblar aniqlandi.
Yil poyoniga yetayotgan bu pallada har bir sohada yillik faoliyat sarhisob qilinayotgani kabi, mahalla tizimida fidokorona mehnat qilayotgan yoshlar yetakchilari ham o‘zining munosib bahosini olmoqda.
Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ana shu tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, hamkor tashkilotlar vakillari hamda yurtimiz mahallalaridagi eng iqtidorli va faol yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilarning mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, mahalla yoshlari muammolarini aniqlash va ijobiy hal etish, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlari baholandi.
Quvonarlisi, tanlovning respublika bosqichida O‘zbekiston tumanidan qatnashgan 2 nafar yoshlar yetakchilarining har ikkisi ham faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Muslimbek Usmonov hamda “Dashtcho‘lpon” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Isfandiyor Zokirjonov ana shu e’tirofga sazovor bo‘ldilar.
Tanlov g‘oliblarining har biri 25 million so‘m pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.






