O‘zbekiston tumani delegatsiyasining Xitoyga tashrifi hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda
2025-12-15 11:00:00 / News

O‘zbekiston tumani hokimining o‘rinbosarlari Jaxongir Akramov va Sherzodbek Ismoilov, Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i Abdulatif Imomnazarov, tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Raxmonberdi Xasanov va bir guruh tadbirkorlar ayni kunlarda hududlararo investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida amaliy tashrif bilan Xitoy davlatida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Xitoyning qator provinsiyalarida joylashgan yirik kompaniyalari va ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, tumanimiz hududida investision loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.
Xususan, tashrifning dastlabki ikki kuni davomida Gansu provinsiyadagi 10 ga yaqin ishlab chiqarish va sanoat korxonalarida, savdo kompaniyalarida xitoylik ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida O‘zbekiston tumanining savdo-iqtisodiy imkoniyatlari, investision salohiyati haqida taqdimotlar qilindi. Xitoy kompaniyalari ishtirokida tumanda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiya, arxitektura va turizm yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tuman delegatsiyasining Xitoydagi amaliy tashrifi davom etmoqda.






