Matbuot anjumani: Gender tenglik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida
2025-09-19 15:05:00 / News

Matbuot anjumani: Gender tenglik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida
Xovos tumani hokimligida gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha Xovos tumanida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasida olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda, gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha mas'ul rahbar, tuman hokimining o‘rinbosari-Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Mahbuba Turakulova ishtirok etdi. Matbuot anjumanida soha xodimlari, bloger va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda davlat islohotlari inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda gender tenglikni taʼminlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrildi.
Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari boʻyicha Maslahat kengashi organlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi va mehnat jamoalarida Maslahat kengashlari tashkil etildi.
Matbuot anjumanida tumanda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasida olib borilayotgan bu va boshqa ishlar haqida atroflicha maʼlumot berilib, OAVni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi.
