Xovos tumanida jinoyatchilik holati tanqidiy muhokama qilindi
2026-07-09 18:10:00 / Meetings

Unda tuman hokimi Qomus Yuldashev, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari va mahalla yettiligi ishtirok etib, hududdagi jinoyatchilik holati atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilish davomida joriy yilning o‘tgan davrida qayd etilgan jinoyatlar soni, ularning turlari, sodir etilish sabablari va shart-sharoitlari tahlil qilindi.
Mas’ullar tomonidan ayrim mahallalarda jinoyatchilik darajasi yuqoriligi qayd etilib, bu borada profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, oilaviy nizolar, ijtimoiy muammolar va ishsizlik kabi omillar jinoyatchilikka sabab bo‘layotgani aytib o‘tildi. Shu bois, mahalla fuqarolar yig‘inlari, profilaktika inspektorlari hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida mas'ullarga jinoyatchilikni kamaytirish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Xovos tumanida osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolar xavfsizligini mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash olib borish barcha mas’ullarning ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
