Qonunchilik hujjatlari ijrosi — xalq farovonligi va hududiy taraqqiyotning muhim omili
2026-09-21 18:50:00 / News
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining hayotga izchil tatbiq etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, har qanday islohotning amaliy natijasi, avvalo, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6166-son Farmoni bu boradagi muhim huquqiy asoslardan biridir. Mazkur Farmon bilan qonunchilik hujjatlari, Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, nazorat qilish hamda ularning amalga oshirilishi haqida jamoatchilikni xabardor etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Ushbu talablar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligining Ijro intizomi nazorati bo‘limi tomonidan “Edo.ijro.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi orqali kelib tushayotgan topshiriqlarning bajarilishi muntazam nazorat qilib borilmoqda.
Joriy kunga qadar tuman hokimligiga qonunchilik hujjatlari asosida jami 1590 ta topshiriq kelib tushgan bo‘lib, shundan 985 tasi bajarilgan, qolgan topshiriqlar bo‘yicha esa tegishli ishlar davom ettirilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar hududda ijro intizomini mustahkamlash, belgilangan vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirish borasida muayyan ishlar olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalarning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-298-son qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida ta’kidlash mumkin.
Mazkur qarorga muvofiq, tumanning Sohibkor va Qorakaltak mahallalari “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasiga kiritilgan. Ushbu mahallalarda zarur infratuzilmani yaxshilash, aholi uchun qulay va munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida budjet mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m ajratilgan.
Ajratilgan mablag‘lar doirasida mahallalarda aholi dam olishi uchun zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatish, piyodalar yo‘laklarining chekka qismlariga lotoklar va metall konstruksiyali to‘siqlar o‘rnatish, elektr tarmoqlarini tortish, ichki yo‘llarni asfaltlash hamda ichimlik suvi tarmoqlarini barpo etish kabi muhim infratuzilmaviy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunday loyihalar, avvalo, aholining kundalik hayotini yaxshilash, mahallalarning obodonligi va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, qabul qilinayotgan har bir qonunchilik hujjati va unda belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi davlat siyosatining joylardagi amaliy natijasini belgilaydi. Shu bois ijro intizomiga mas’uliyat bilan yondashish, nazoratni kuchaytirish va jamoatchilikni amalga oshirilayotgan ishlar haqida muntazam xabardor qilib borish muhim vazifalardan biridir.

