Guliston tumani hokimi Olimjon Jurayev tumanda joriy yilning birinchi yarim yilida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar va yil yakuniga qadar mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan ma'lumot berib o'tdi
2025-07-03 08:55:00 / Statements and speeches of administration

ASSALOMU ALAYKUM QADRLI YURTDOSHLAR VA BRIFING ISHTIROKCHILARI !
Guliston tumanida joriy yilning o‘tgan olti oy davomida ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda bir qancha yutuqlarga erishildi. Xususan, Yurtboshimiz yaratib bergan shart-sharoitlari, har bir dasturlar «Mahallabay» ishlab chiqilgani, ishni tizimli reja tartib asosida yo‘lga qo‘yganligimiz sababli, tumanimiz ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha 2025 yilning birinchi yarim yilini ijobiy yakunladi.
Quvonarli jihati, joriy yilning olti oyi davomida tumanimizda sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 255 mlrd so‘mni tashkil etib, 3,8 foizga, qurilish 53,2 mlrd so‘m ya’ni 1,2 foizga, xizmatlar sohasida 150,4 mlrd so‘m ya’ni 5,7 foizga va qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘rsatkich 649,8 mlrd so‘mga yetib 2,0 foizga o‘sish kuzatildi.
Byudjet daromadlari rejasi 19,1 mlrd so‘m bo‘lib, 21,4 mdrd so‘mga bajarildi ya’ni qo‘shimcha 2,3 mlrd so‘m mablag‘ tushirilishiga erishildi. Natijada reja 122 foizga bajarildi.
Tumanimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish, xorijiy hamkorlar bilan savdo aloqalarini mustahkamlash maqsadida qator ijobiy natijalarga erishdik. Xususan, hisobot davrida 10,2 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar jalb qilinib, belgilangan reja 109 foizga bajarilishi ta’minlandi. Shuningdek, eksport rejasi 5,2 mln dollar etib belgilangan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 13,7 mln dollarlik eksport amalga oshirildi. Belgilangan reja 262 foizga bajarilishi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 332 foizga o‘sishi ta’minlandi.
E’tiborlisi, eng dolzarb ijtimoiy masala-aholi bandligini ta’minlash borasida sezilarli o‘sishga erishilgan. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida bajarilgan loyihalar tufayli 8 ming 571 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, 900 nafardan ziyod aholi tadbirkorlikka jalb qilindi. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali qiymati 22,0 mlrd so‘mlik 604 ta mikroloyihalar amalga oshirilib, 1 ming 209 ta ish o‘rinlari yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-son qaroriga asosan 2025 yil 1 yarim yilda kambag‘allikdan chiqariladigan oilalar soni 590 tani tashkil etib, ushbu oilalar 1 yarim yillik hisobot davri bilan barchasi kambag‘allikdan chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi PQ-330-sonli qarorga asosan tuman va viloyat miqyosidagi rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari biriktirilgan 300 ta kambag‘al oilalarga o‘tgan davr mobaynida jami 1 ming 99 ta yordam ko‘rsatilib ularni to‘liq kambag‘illikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari ushbu qaror asosida kam ta’minlangan oilalarning ulushi yuqori, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda infratuzilma bilan ta’minlanish darajasi past bo‘lgan eng og‘ir ahvoldagi 6 ta mahallalarga jami 20 mlrd so‘m ajratildi. Shundan aholi tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash, kanalni rekonstruksiya qilish va sug‘orish qudug‘i qurish xarajatlariga 7,4 mlrd so‘m, elektr energiya ta’minotini yaxshilash uchun 3 mlrd so‘m va ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash xarajatlari uchun 8,8 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilib ishlar boshlab yuborilgan. Hozirgi kunda aholi tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash, kanalni rekonstruksiya qilish va sug‘orish qudug‘i qurish ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.
Muhtaram Yurtboshimizning 2024 yil 14 mart kuni Sayxunobod tumaniga tashrifida aholi tomorqasini ishlatib, xonadonda ishlab chiqarish qilib, ko‘chada xizmatlarni ko‘paytirib, jon boshiga kamida 2-3 mln so‘mdan oylik daromad topishiga o‘rgatishni, aniq misollar bilan tushuntirib bergan.
Shu bois, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga banklar tomonidan 4,6 mlrd so‘mlik kredit berilib, 303 ta xonadonlarning oylik daromadi oshirilshiga erishildi.
Joriy yilda tumanimizda mirishkor dehqonlarimiz tomonidan 7,0 ming gektar paxta, 7,5 ming gektar boshoqli don, 560 gektar bog‘ va uzumzorlar, 300,0 gektar sholi, 2,5 ming gektar ozuqa ekinlari ekildi. Buning natijasida tumanda 20 ming 875 tonna g‘alla yetishtirildi.
Bugungi kunda suv tanqisligini inobatga olgan holda Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorlari asosida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida joriy yil olti oyida fermer xo‘jaliklarni 1 ming 437 gektar yer maydonlariga suv tejovchi texnologiyalari joriy qilindi. 2 ming 300 gektar lazerli tekislandi va 41 km kanallar betonlashtirildi.
Davlat dasturi doirasida irrigatsiya ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 4,2 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 3 km kanallar rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, qiymati 14,1 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilishi hisobiga 3,1 km yopiq-yotiq drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.
Tumanimizda qurilish sohasida ham 2025 yilning olti oyida bir qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, mahallalarni obod qilish, infratuzilmani yaxshilash maqsadida 5 km umumfoydalanuvdagi yo‘llar ta’mirlandi hamda 1 km ichki xo‘jalik yo‘llari shag‘allashtirildi, 900 metr yangi ichimlik suv tarmog‘i tortildi, 2 ta ichimlik suvi minorasining transformatori ta’mirlandi, 5 ta yangi ichimlik suv nasoslari o‘rnatilib, 20 dan ortig‘i mukammal va joriy ta’mirlandi. Buning hisobiga tumanimizning markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 95 foizga yetkazildi. 1,5 km gaz quvurlari mukammal tamirlandi. 3,8 km gaz quvurlarini estetik jihatdan tartibga keltirildi. 14 ta gaz taqsimlash qurilmalari o‘rnatildi hamda 12 tasi demantaj qilindi, 36 ta gaz taqsimlash qurilmalari texnik taftishdan o‘ktazildi. Tuman hududidagi 1 ming 230 ta xonadon ikki bosqichli tizimga o‘tkazilib, 2 ming 206 dona tejamkor gaz uskunalar o‘rnatildi.
Shu bilan birga, 5 dona transformator va 11,4 km elektr tarmog‘i mukammal tamirlandi. 5 dona transformatorlar, 45 dona elektr ustunlar o‘rnatilib, 4,2 km elektr tarmog‘i tortildi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida yana hududlarning tuproq iqlim sharoitiga mos bo‘lgan 1 million 70 ming tup ko‘chatlar ekildi.
Joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj 428 nafar yoshlar, ya’ni tumanimizdagi yoshlarning 21,2 foizi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Ayni vaqtga qadar ularning 262 nafariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, joriy yilda “Ayollar daftari”ga 2 ming 829 nafar xotin-qizlar kiritilib, 1 ming 477 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Daftarga kiritilgan xotin-qizlarga “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasidan 790,0 mln so‘m mablag‘lar ajratildi.
Hurmatli yurtdoshlar va brifing ishtirokchilari!
Guliston tumanimiz hududida va tarmoqlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tsam.
Tumanimizda yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilga nisbatan 107 foizga o‘sishi ta’minlanadi. Shuningdek, sanoat 540 mlrd so‘m 106 foiz, qishloq xo‘jaligi 2,0 mlrd so‘m 104 foiz, qurilish ishlari 302 mlrd so‘m 108 foiz, xizmatlar 403 so‘m 115 foizga o‘sishiga erishiladi.
Joriy yil yakuniga 52 mlrd so‘m soliq tushumlari hisob-kitob qilinib, 110 foizga bajariladi. Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan 16 mlrd so‘m, Aylanmadan olinadigan soliq 8,0 mlrd so‘m, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i
13,5 mlrd so‘m, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq 7,0 mlrd so‘m, suv resurslaridan foydalanganlik uchun 2,6 mlrd so‘m va boshqa tushumlardan 5 mlrd so‘m hisobiga amalga oshirilishi belgilangan.
Tumanning investision jozibadorligini oshirish maqsadida yil yakuni bilan investisiya dasturiga asosan qiymati 414 mlrd so‘mlik 44 ta loyihalar ishga tushishi natijasida 1 ming 143 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Bandlik dasturi doirasida tumanimizda 14 ming 568 nafar fuqarolar ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, investisiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 1 ming 133 nafar, xizmat ko‘rsatish sohasida
8 ming 874 nafar, qishloq xo‘jaligi sohasida 4 ming 352 nafar, qurilish sohasida 209 nafar ish o‘rinlari yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi PQ-12-son qaroriga asosan 2025 yilda kambag‘allikdan chiqariladigan oilalar soni 1 ming 82 tani tashkil etib, ushbu oilalar yillik hisobot davri bilan barchasi kambag‘allikdan chiqariladi.
Shuningdek, investisiya dasturiga muvofiq 36 mlrd so‘mlik jami 7 ta ob’yektlarda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida qiymati 217 mln so‘mlik 800 metr ichimlik suv tarmoqlari hamda 16 ta suv inshootiga yangi suv nasosi o‘rnatiladi va ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 96 foizga yetkaziladi. Elektr ta’minotida 70 km elektr tarmoqlari, 32 dona transformator punktlari hamda 4 ta kuchlanishli transformatorlar ta’mirlanadi. Tabiiy gaz ta’minotida 1 dona gaz taqsimlash qurilmalari mukammal ta’mirlanadi, 14 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik taftishdan o‘tkazilib, 12 km tabiiy gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltiriladi.
Tumanimizda 42 km ichki xo‘jalik yo‘llari qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, 28 km yo‘llar asfaltlashtiriladi hamda 14 km tuproq yo‘llarda shag‘allashtirish ishlarini bajarilishi natijasida joylardagi ichki xo‘jalik yo‘llarni holati yanada yaxshilanadi.
Shuningdek, tumanimizda joriy yil kuz mavsumida 631 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi va 3 gektar maydonda “yashil bog‘”lar hamda 50 sotix maydonda “Mening bog‘im” loyihasi doirasida bog‘ tashkil qilinadi.
Shu bilan birga, tumanimizning barcha mahallalarda Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari asosida tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Umuman, ushbu aytilgan 4 ta tajribani qo‘llagan holda tumanimizdagi ishsiz fuqarolarni bandligi ta’minlash imkoni yaratiladi. Bu o‘z navbatida tumanimizning iqtisodiyoti uchun ham muhim burilish nuqtasi bo‘ladi.
Sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan ma’lumotlarim shulardan iborat edi e’tiborlaringiz uchun rahmat!
