"Farovon hayotga ilk qadam"
2025-06-03 08:50:00 / News

Guliston tumani "Ibrat" mahallasida istiqomat qiluvchi Sheranovlar xonadonida bugun “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mahalla yettiligi vakillari va nurnoniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, shuningdek, boshqa mahallalardan taklif etilgan kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar vakillari ishtirok etdilar.
Seminar tashkil etilishidagi asosiy maqsad — hayotning sinovlariga bardosh berib, fidokorona mehnat orqali oilasini mustahkamlagan, farovonlik sari erishgan Sheranovlar oilasining ibratli tajribasini keng ommaga yetkazish, ularning misolida odamlarni umid va ishonch bilan yashashga ruhlantirishdir.
Tadbirda falsafa fanlari doktori, shoira Shahlo Axrorova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Bobur Bobomurod, tuman hokimining o‘rinbosari Matluba Xudoyberdiyeva hamda tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari ishtirok etdilar.
Taniqli mehmonlar o‘z chiqishlarida oila mustahkamligi, halol mehnat, sabr-toqat va o‘z hayotidan mamnun bo‘lish kabi qadriyatlar haqida chuqur fikrlar bildirdilar. Ular Sheranovlar oilasining kechmishidan misollar keltirib, har bir inson o‘z hayotida o‘zgarish qilishga qodir ekanini alohida ta’kidlashdi.
Seminar davomida “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasining boshqa istiqbolli rejalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu kabi tadbirlar orqali odamlar qalbiga umid urug‘ini sepish, ularni harakatga chorlash va mustaqil hayot yo‘lini tanlashga ruhlantirish asosiy vazifa qilib belgilandi.
Shuningdek, tadbir yakunida mehmonlar Sheranovlar oilasiga minnatdorchilik sifatida tashakkurnoma berilib, ularning tajribasi boshqalarga ham saboq bo‘lishiga ishonch bildirishdi. Ishtirokchilar esa o‘z hayotida yangi sahifa ochish uchun zarur kuch va ishonch olganliklarini e’tirof etdilar.






