DEHQONOBODDA 380 MILLIARD SO‘MLIK BUNYODKORLIK: 89 TA OBYEKТDA QURILISH VA TA’MIRLASH ISHLARI OLIB BORILMOQDA
2026-11-02 10:10:00 / Statements and speeches of administration

Dehqonobod tumani hokimi Sherzod Shokirovning 2026-yilda tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan BRIFINGI
Assalomu alaykum, hurmatli dehqonobodliklar!
Bugungi kunda mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda har bir mahallada inson qadri va manfaatlariga xizmat qiladigan shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu borada Dehqonobod tumanida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Zero, hudud taraqqiyoti faqat qurilgan binolar yoki o‘zlashtirilgan mablag‘lar bilan emas, balki amalga oshirilayotgan loyihalarning odamlar hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar yasayotgani, ularning kundalik turmushiga qanchalik qulaylik olib kirayotgani bilan belgilanadi.
380 milliard so‘mlik mablag‘ — 89 ta obyekt, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari
2026-yilda Dehqonobod tumanida davlat dasturlari, Prezident qarorlari, tashabbusli budjet va boshqa moliyalashtirish manbalari doirasida jami 89 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Ushbu maqsadlar uchun jami 380 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Jumladan:
— Prezidentning PQ-393-sonli qarori asosida 11 ta obyekt uchun 59,5 milliard so‘m;
— PQ-141-sonli qarori doirasida 26 ta obyekt uchun 106,7 milliard so‘m;
— PQ-298-sonli qarori asosida 5 ta obyekt uchun 10 milliard so‘m;
— PQ-49-sonli qaror doirasidagi «Og‘ir tuman» dasturi bo‘yicha 15 ta obyekt uchun 60 milliard so‘m;
— «Og‘ir mahalla» dasturi doirasida 17 ta obyekt uchun 51 milliard so‘m;
— 2026-yilgi drayver loyihalari va boshqa manbalar hisobidan 4 ta obyekt uchun 12,2 milliard so‘m;
— 2025-yilgi drayver loyihasining ikkinchi bosqichi uchun 1 ta obyektga 7 milliard so‘m;
— 2026-yilgi tashabbusli budjet dasturi doirasida 10 ta obyekt uchun 16,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Ushbu mablag‘lar, avvalo, tumandagi dolzarb infratuzilma muammolarini hal etish, ijtimoiy soha obyektlarini yangilash, yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiyalarini yaxshilash hamda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga yo‘naltirilmoqda.
Ta’lim va tibbiyot: inson manfaatlariga xizmat qiladigan bunyodkorlik
Aholi farovonligi va jamiyat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri, shubhasiz, sifatli ta’lim va malakali tibbiy xizmatdir. Shu bois tumanda mazkur sohalar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 1 620 o‘rinli 10 ta umumta’lim maktabining zamonaviy binolari barpo etildi.
Shuningdek, 5 ta mahallada jami 420 o‘rinli 5 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurildi.
Bu, eng avvalo, farzandlarimizning zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi, maktabgacha ta’lim imkoniyatlarining kengayishi va ta’lim sifati uchun zarur infratuzilmani shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham tuman hayotidagi muhim loyihalardan biri amalga oshirilmoqda.
Respublika budjetidan 91 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 250 o‘rinli tuman markaziy shifoxonasining yangi binosi qurilishiga start berildi.
Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgach, tuman tibbiyot tizimining moddiy-texnik imkoniyatlari yanada kengayib, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati va qulayligini oshirishga xizmat qiladi.
Aholi xavfsizligi va muhandislik infratuzilmasi — ustuvor vazifamiz
Dehqonobod tumanining tabiiy-geografik xususiyatlarini inobatga olgan holda, aholi xavfsizligini ta’minlash, xususan, sel va suv toshqinlarining oldini olish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, tumanda 4 ta seldan himoyalash obyekti barpo etilmoqda. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi uchun zamonaviy xizmat binosi qurildi.
Bo‘ston mahallasida sel suvlarining aholi xonadonlariga zarar yetkazishining oldini olish maqsadida 8,2 kilometr uzunlikdagi zovurlar betonlashtirildi.
Suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘orish tizimini yaxshilash va suv isrofgarchiligining oldini olish maqsadida esa 23,3 kilometr kanal va ariqlarni betonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Elektr ta’minoti barqarorligini oshirish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, 33 ta yangi transformator punkti o‘rnatildi, 55 tasi mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, 310 kilometr elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda.
Bu kabi ishlar aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari va tadbirkorlik subyektlarining elektr energiyasi bilan ta’minlanishini yaxshilashga xizmat qiladi.
Yo‘llar, ko‘priklar va piyodalar yo‘laklari — qulay va xavfsiz harakatlanish uchun
Tuman infratuzilmasini rivojlantirishda yo‘l-transport tarmoqlarini yaxshilash ham muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda 160 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llarini asfaltlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 15,2 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurildi.
Aholining xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlash, ayniqsa, mahalla va qishloqlar o‘rtasidagi qatnov imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida 16 ta ko‘prik qurilmoqda.
Ushbu loyihalar nafaqat transport qatnovini yengillashtiradi, balki hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash, aholining kundalik hayotidagi qator noqulayliklarni bartaraf etishga ham xizmat qiladi.
Mahallalarda yangi qiyofa va zamonaviy sharoitlar
Aholiga davlat xizmatlarini mahallaning o‘zida, qulay va zamonaviy sharoitlarda ko‘rsatish maqsadida 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi binolar qurilmoqda.
Shuningdek, aholining mazmunli hordiq chiqarishi, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun 1 ta sport maydonchasi va 1 ta istirohat bog‘i barpo etilmoqda.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Eski Qorashina qishlog‘i hamda Beshbuloq massiviga 8 kilometr uzunlikda toza ichimlik suvi quvurlari tortilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini o‘zlashtirish, suv ta’minotini yaxshilash va mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 6 ta nasos agregati o‘rnatilib, 13,6 kilometr tarmoq tortilmoqda. Shu bilan birga, umumiy hajmi 9 ming kub metr bo‘lgan suv saqlash inshootlari qurilmoqda.
Bu ishlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini kengaytirish, yangi yer maydonlarini foydalanishga kiritish va hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘ladi.
«Og‘ir mahalla» dasturi: 17 ta mahallaga 51 milliard so‘m
Alohida to‘xtalib o‘tish lozim bo‘lgan yo‘nalishlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan «Og‘ir mahalla» dasturidir.
Mazkur qarorga muvofiq, Dehqonobod tumanidagi 17 ta mahalla «og‘ir mahalla» toifasiga kiritilgan.
Bular: Terakli, Duob, Oybek, Oqqishloq, Oqmachit, Yangihayot, Nurli kelajak, Torqopchug‘ay, Qo‘rg‘ontosh, Oqrabot, Beshqo‘ton, Qo‘ng‘irot, Mustaqillik, G‘uroti, Boshchorbog‘, Chilgaz va Yangiobod mahallalaridir.
Ushbu mahallalarning har biriga hududni rivojlantirish, mavjud infratuzilma muammolarini hal etish va aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida 3 milliard so‘mdan, jami 51 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ayni paytda mazkur dastur doirasida «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» davlat muassasasi buyurtmachiligida 17 ta lot bo‘yicha obyektlarda qurilish ishlari olib borilmoqda.
Eng muhimi, bu mablag‘lar har bir mahallaning mavjud ehtiyojlari va dolzarb muammolaridan kelib chiqib, hududlarni kompleks rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.
Bizning maqsadimiz — mahallalardagi infratuzilma muammolarini bosqichma-bosqich hal etish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash va har bir hududda rivojlanish uchun teng imkoniyatlar yaratishdir.
Asosiy mezon — ish sifati va aholi roziligi
Hurmatli dehqonobodliklar!
Yuqorida keltirilgan raqamlar va loyihalar tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘lami haqida muayyan tasavvur beradi.
Biroq biz uchun asosiy mezon faqat ajratilgan mablag‘lar miqdori yoki qurilayotgan obyektlar soni emas. Eng muhimi, har bir loyiha belgilangan talablarga muvofiq, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi, natijasi esa bevosita aholi hayotida aks etishidir.
Shu bois, barcha qurilish obyektlarida ishlarning sifati, loyiha talablariga rioya etilishi, mablag‘larning maqsadli sarflanishi va belgilangan muddatlarda yakunlanishini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Albatta, tumanimizni obod qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish va yangi imkoniyatlarni yaratishda jamoatchilikning ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega.
Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizni amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga befarq bo‘lmaslikka, o‘z taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etishga chaqiraman.
Bizning maqsadimiz — Dehqonobodning har bir mahallasida zamonaviy infratuzilma, sifatli ta’lim va tibbiyot xizmatlari, obod yo‘llar, barqaror elektr energiyasi hamda toza ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish orqali aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishdir.
Ishonchim komilki, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida tumanimizning qiyofasi yanada o‘zgarib, mahallalarimiz obod, xonadonlarimiz fayzli, xalqimizning hayotdan roziligi yanada yuksaladi.
Zero, biz uchun eng katta natija — xalqimizning roziligi, uning kundalik hayotida seziladigan ijobiy o‘zgarishlar va Dehqonobodning izchil taraqqiyotidir.
E’tiboringiz uchun rahmat!
