Galaosiyo dehqon bozori faoliyati o‘rganildi
2025-12-03 09:05:00 / News

Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov Galaosiyo markaziy dehqon bozorida bo‘lib, majmuaning umumiy faoliyati, savdo sharoitlari va xavfsizlik talablariga amal qilinishi yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning turli hududlarida bozorlarda ehtiyotsizlik, tartibsizlik yoki texnik nosozliklar oqibatida yong‘in holatlari tez-tez uchramoqda. Bunday voqealar nafaqat tadbirkorlar mulkiga zarar yetkazadi, balki minglab fuqarolarning xavfsizligiga tahdid tug‘diradi. Shu bois, bozor hududlarida yong‘in xavfsizligi talablariga jiddiy va doimiy e’tibor qaratish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.
Shu maqsadda hokim bozor majmuasidagi yong‘inga qarshi tizimlar, elektr-texnik qurilmalar, favqulodda holatlarda foydalaniladigan vositalarning holati bilan yakindan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbat jarayonida ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklarni bartaraf etish, xavfli hududlarni belgilash va profilaktik choralarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Anvarjon Ochilovning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ishlarning eng asosiy maqsadi — fuqarolar salomatligi, bozor savdogarlari va xaridorlar xavfsizligini ta’minlashdir. Shuningdek, savdo va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, mahsulot sifatini nazorat qilish, narx-navoni sun’iy ravishda oshirib yubormaslik bozor mutasaddilari zimmasidagi muhim mas’uliyat ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, aholiga qulaylik yaratish maqsadida bayramoldi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar ham berildi. Ushbu chora-tadbirlar aholining xarid imkoniyatini oshirish, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda bozorlar faoliyatini yanada tartibga solishga xizmat qiladi.






