RASMIY MUNOSABAT
2026-06-20 09:30:00 / Rasmiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-sentabrdagi PF–135-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2024-yil 30-apreldagi PF–70-sonli “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlari hamda Farg‘ona viloyati hokimining 2026-yil 17-iyundagi 310-11-0-Q/26-sonli qaroriga muvofiq, Bag‘dod tumanining O‘zbekiston va Ittifoq mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi 26 gektar yer maydonida renovatsiya dasturini amalga oshirish belgilangan.
➡️Mazkur loyiha doirasida foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ikki qavatli uy-joylar, turar va noturar obyektlar o‘rnida zamonaviy arxitektura talablariga mos ko‘p qavatli turar-joy majmualari, dam olish maskanlari, savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini xususiy investorlar mablag‘lari hisobidan barpo etish rejalashtirilgan.
Hozirda mazkur hudud uchun ishlab chiqilgan dastlabki bosh reja belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Farg‘ona viloyati Hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashiga taqdim etilgan.
📶Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Ittifoq MFYlari hududida jami 23 ta ikki qavatli turar-joy binolari mavjud bo‘lib, renovatsiya dasturi doirasida ular o'rniga 36 ta 7-10 qavatli 2994 xonadonli turar-joy binolari, 9 ta bolalar maydonchalari, 5 ta ko‘gilochar ob’ektlar, avtoturargohlar hamda yashil hududlar qurilishi rejalashtirilgan.
✔️Bugungi kunda O‘zbekiston MFY hududidagi 34-, 40-, 42- va 48-sonli ko‘p qavatli uylar mulkdorlari bilan notarial tartibda o‘zaro kelishuv bitimlari rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq buzish va qurilish ishlari boshlangan.
✔️Shuningdek, O‘zbekiston MFY hududidagi 31- va 32-sonli ko‘p qavatli uylar bo‘yicha ham mulkdorlar bilan o‘zaro kelishuv bitimlarini rasmiylashtirish ishlari davom etmoqda. Hozirga qadar ushbu uylar mulkdorlarining 50 foizdan ortig‘i bilan kelishuv bitimlari tuzilgan.
✨Ta’kidlash joizki, renovatsiya loyihasi doirasidagi barcha jarayonlar amaldagi qonunchilik talablari asosida, mulkdorlarning huquq va manfaatlari inobatga olingan holda amalga oshirilmoqda. Fuqarolar bilan uchrashuvlar, tushuntirish ishlari va o‘zaro kelishuv jarayonlari izchil davom ettirilmoqda.
➡️Bag‘dod tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, renovatsiya loyihasi hamda zamonaviy turar-joylar qurilishi bilan bog‘liq jarayonlar yuzasidan jamoatchilik muntazam ravishda rasmiy manbalar orqali xabardor qilib boriladi.
Bag'dod tumani hokimligi
Axborot xizmati ✅
