Aliyeva Surayyo Sharipovna
Aliyeva Surayyo Sharipovna 1964-yil 8-sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1987-yil A.N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutining “Tasviriy san’at nazariyasi va tarixi” ixtisosligini tugatgan. 1988–1991-yillarda Toshkent Davlat teatr va rassomchilik institutining “Badiiy kulolchilik” va “San’atshunoslik” kafedralarida ishlagan. 1990-1991-yillarda I.Ye. Repin nomidagi Sankt-Peterburg rangtasvir, haykaltaroshlik va me’morlik instituti qoshidagi malaka oshirish fakultetida “San’atshunoslik” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
- -yildan San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining aspiranturasida tahsil olgan, keyin ilmiy xodim, “Amaliy bezak san’ati” bo‘limi mudiri, katta ilmiy xodim lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2017-yilda O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlangan. 2020-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti “Tasviriy va amaliy bezak san’ati” bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi lavozimida faoliyat ko‘rsatadi.
San’atshunoslik fanlari doktori (2018), katta ilmiy xodim (2015), “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi (2019).
Amaliy bezak san’ati sohasida yetuk mutaxassis, taniqli olima, ilmiy izlanishlari – badiiy sirlangan kulolchilik san’atini tadqiq etish, O‘rta Osiyo badiiy madaniyati tarixi va O‘zbekiston amaliy bezak san’ati va zamonaviy badiiy jarayonlarga ijtimoiy-madaniy va badiiy omillarning ta’siri masalalarini qamrab olgan holda, milliy qadriyatlar asosida an’analarni rivojlantirishga va amaliy san’atni keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutmoqda.
Uning ilmiy tadqiqotlari natijalari O‘zbekiston amaliy san’ati rivojiga, jumladan, badiiy kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi maktablari, ularning o‘ziga xos badiiy xususiyatlari va jihatlari, yetakchi xalq ustalari ijodini ilmiy jihatdan tadqiq etish ishiga katta hissa qo‘shmoqda.
Uning ilmiy izlanishlari natijalari hozirgi davr ustalariga o‘zbek kulolchilik san’ati an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish bilan bog‘liq ijodiy-amaliy muammolarni ilmiy asoslangan mezon va yondashuvlarga tayangan holda hal etish imkoniyatini beradi. Ilmiy akademik ahamiyatidan tashqari, uning ilmiy izlanishlaridagi asosiy xulosa va holatlar muayyan darajada O‘zbekiston an’anaviy hunarmandchiligini asrash, saqlash, tiklash va rivojlantirish sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilib, ularni keng o‘rganish va targ‘ib etishga yordam beradi.
S.Sh. Aliyeva rahbarligida 17.00.04 – Tasviriy san’at va amaliy bezak san’ati ixtisosligi bo‘yicha 2 ta nomzodlik va PhD dissertatsiyalari himoya qilingan. Hozirda 1 ta fan doktori (DSc), 5 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishlariga ilmiy maslahatchi va rahbarlik qilib kelmoqda.
Uning 200 ga yaqin ilmiy ishlari chop etilgan bo‘lib (hindex=2 WoS), jumladan – 50 ta xorijda, 2 ta Scopus bazasida, 2 ta monografiya, 1 ta albom va 2 ta katalogdan iboratdir.
S.Sh. Aliyeva jamoat ishlarida ham faol bo‘lib, San’atshunoslik instituti Kasaba uyushmasi qo‘mitasining raisi vazifasida ishlagan. Hozirda “San’at” jurnali va Ispaniyaning “Central Asian Journal of Arts and Design” jurnallari tahrir hay’ati a’zosidir.
