EPİAŞ va EMDRA O‘zbekistonda energetika bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi
2024-08-19 14:20:00 / Yangiliklar
Toshkent, 2024-yil 19-avgust. O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (EMDRA) va Turkiya Energetika bozori operatori Enerji Piyasaları İşletme A.Ş. (EPİAŞ) o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xodjayev, “Turkiyaning energiya bozorini rivojlantirish sohasidagi tajribasini o‘rganish va doimiy hamkorlik qilish O‘zbekiston energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solishdagi huquqiy asoslarini yaratishda muhim qadamdir. Shuningdek, mamlakatimizning energetika bozori ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash, tariflarni tartibga solish va uslubiyotni rivojlantirishda Turkiya tajribasini o‘rganish, ekspertlar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, EPİAŞ da qo‘llaniladigan innovatsion yechimlarni o‘rganish muhim hisoblanadi”,- deya taʼkidladi.
O‘z navbatida EPİAŞ bosh direktori Taha Meli Arvas, Uyushgan ulgurji bozorga o‘tish mamlakatlarga elektr energiyasi bozorida raqobat va investitsiyalarni rivojlantirishga imkon beradigan hal qiluvchi vosita ekanligini. Turkiyaning energiya almashinuvi sifatida EPİAŞ O‘zbekistonda energiya bozorlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribasini almashishga tayyor ekanligini va biz Markaziy osiyo mintaqasi uchun namuna sifatida yaxshi ishlaydigan elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Enerji Piyasaları İşletme A.Ş. (EPİAŞ) Turkiyada ishonchli va shaffof bozor sharoitlarini taʼminlash orqali energiya, tabiiy gaz va atrof-muhit bozorlarini boshqaradigan Energetika bozori operatoridir. Bundan tashqari, markaziy kontragent sifatida moliyaviy hisob-kitoblar va hisob-faktura xizmatlari uchun javobgardir. Shuningdek mazkur tashkilot qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ro‘yxatga olish tizimini ham boshqaradi.