Vazirlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022-yil 24-dekabrdagi PF-269-son Farmoni bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etilgan.
Vazirlik faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasida zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
- zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirgan malakali kadrlarni tayyorlashning yuqori darajasi va sifatini ta’minlash;
- idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, ta’lim mazmuni va darajasini davlat ta’lim standartlari va malaka talablariga mosligini ta’minlash;
- ta’limning yangi pedagogik texnologiyalari va o‘qitish uslublarini joriy etishning xalqaro amaliyotga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil etish, ta’lim dasturlarini (o‘quv rejalari va fan dasturlarini) takomillashtirish, o‘qitishning zamonaviy shakllari va axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda ta’lim sifatini ta’minlash;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limning ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazmunini takomillashtirish, yoshlarda Vatanga sadoqat, mehr-oqibat, yuksak mas’uliyat, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash kabi fazilatlarni shakllantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash hamda ularda vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg‘otish;
- oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy faoliyatini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
- ta’lim muassasalarining zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularni tizimli rag‘batlantirish hamda uzluksiz kasbiy rivojlanishi bo‘yicha choralarini ko‘rish;
- Vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish va takomillashtirish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini muntazam oshirib borishi uchun sharoitlar yaratish;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimini hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali ularning o‘quv, ilmiy, ma’muriy va moliyaviy jarayonlarini avtomatlashtirish;
- uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish;
- ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohada erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;
- ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;
- idoraviy mansubligi va tashkiliy huquqiy shakllaridan qat’i nazar davlat ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish;
- bilim va malakalarni baholash bo‘yicha umummilliy siyosatni belgilash;
- Vazirlik tizimidagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarni moliyalashtirish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, shuningdek, ularning moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
- oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu faoliyatni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
- aholi orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va ularni mukammal o‘zlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda professor-o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish.
Vazirlik o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasida zamonaviy bilim, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va Vazirlik tizimidagi tashkilotlarda “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlarining bajarilishini ta’minlaydi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini boshqarish, tashkil etish, uslubiy ta’minlash, me’yorlashtirish, ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlarning samarali faoliyati va o‘quv jarayonini tashkil etish hamda rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi, ularni ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda kiritadi, vakolat doirasida tasdiqlaydi va o‘quv jarayoniga joriy etilishini ta’minlaydi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasasining namunaviy ustavini ishlab chiqilishini ta’minlaydi, Vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalari va tashkilotlarning ustav (nizom)larini tasdiqlaydi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etadi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimining ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan axborot va PR-siyosati yo‘nalishlarini belgilaydi hamda amalga oshiradi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida tizimdagi ta’lim muassasalari hamda tashkilotlari faoliyatining monitoringini olib boradi;
- markaziy apparatning bo‘linmalari, vazirlik huzuridagi tashkilotlar, mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha oliy ta’lim muassasalari, professional ta’lim muassasalari, vazirlikning hududiy boshqarmalarida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘radi;
- idoraviy mansubligidan qat’i nazar davlat va davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlar faoliyatida sohaga oid qonunchilikka rioya etilishi monitoringini olib boradi, qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlarida aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
2) zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirgan malakali kadrlarni tayyorlashning yuqori darajasi va sifatini ta’minlash sohasida:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va kasblar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
- bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qish davomiyligi muddatlarini belgilaydi;
- ta’lim oluvchilarning akademik mobilligini tashkil etish jarayonlarini muvofiqlashtiradi;
- o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishlari, professional ta’limning kasblar va mutaxassisliklar, oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, shuningdek, bilim sohalari va ta’lim sohalari ro‘yxatini belgilaydi;
- o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
- davlat namunasidagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlash va hisobini yuritish tartibini ishlab chiqadi;
3) idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, ta’lim mazmuni va darajasini davlat ta’lim standartlari va malaka talablariga mosligini ta’minlash sohasida:
- tarmoq davlat dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi;
- mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq davlat oliy ta’lim muassasalarida istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini belgilash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
- ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonini boshqarish, uslubiy ta’minlash, me’yorlash, ta’lim sifatini oshirish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlarning samarali faoliyati va o‘quv jarayonini tashkil etish hamda rag‘batlantirishga oid ishlarni muvofiqlashtiradi;
- ta’lim oluvchilarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini baholash tartibini belgilaydi;
4) ta’limning yangi pedagogik texnologiyalari va o‘qitish uslublarini joriy etishning xalqaro amaliyotga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil etish, ta’lim dasturlarini (o‘quv rejalari va fan dasturlarini) takomillashtirish, o‘qitishning zamonaviy shakllari va axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda ta’lim sifatini ta’minlash sohasida:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim sifatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
- o‘quv jarayoniga o‘qitishning zamonaviy shakllari, texnik vositalari, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishini ta’minlaydi;
- oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining malaka talablarini, o‘rta maxsus va professional ta’limning hamda professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi uchun malaka talablari, o‘quv reja va o‘quv dasturlarni ishlab chiqilishini ta’minlaydi, ularni tasdiqlaydi, shuningdek, ta’lim muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
- davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va ta’lim dasturlarida kadrlarning malaka darajasiga va kasbiy tayyorgarligi sifatiga qo‘yilgan talablarning ta’lim tashkilotlari tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
- davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari ishlab chiqilishini ta’minlaydi va ularni tasdiqlaydi;
- o‘quv jarayonini zamonaviy o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash hamda elektron kutubxonalarni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
- o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va nashr qilishni tashkil etadi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash hamda nashr etish tartibini, shuningdek, ularni yetkazib berishga va foydalanishga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi;
- mehnat bozori va ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida professional ta’lim muassasalarida ishchi kasblar va malakalar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etadi;
- manfaatdor organlar va muassasalar bilan birgalikda oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini tahlil qiladi hamda uning natijalari asosida ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
5) oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limning ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazmunini takomillashtirish, yoshlarda Vatanga sadoqat, mehr-oqibat, yuksak mas’uliyat, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash kabi fazilatlarni shakllantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash hamda ularda vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg‘otish sohasida:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan holda o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash va uning ijtimoiy faolligini baholash ishlarini tashkil etadi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida, o‘quvchilar va talabalar turar joylarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan tadbirlarni muvofiqlashtiradi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida sog‘lom ma’naviy muhitni (jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, kiyinish madaniyati, muomala madaniyati va boshqalar) shakllantirish va qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
- ta’lim oluvchilar uchun belgilangan tartibda sport musobaqalarini o‘tkazadi, ularning g‘oliblarini rag‘batlantiradi, xalqaro tanlovlar va musobaqalarga yuboradi;
6) oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy faoliyatini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash sohasida:
- Davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarni bajarishda oliy ta’lim tizimining ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanilishini ta’minlaydi;
- tizimdagi ta’lim muassasalari va tashkilotlarda Davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va ularning ijrosini muvofiqlashtiradi;
- talabalar, doktorantlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari uchun kvotalar ajratish bo‘yicha takliflarni shakllantiradi va tanlovlarning o‘tkazilishini ta’minlaydi;
- oliy ta’limdan keyingi ta’limda, shu jumladan, maqsadli doktorantura orqali belgilangan tartibda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlanishini tashkil etadi;
- tizimdagi tashkilot va muassasalarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun moddiy shart-sharoitlar yaratish va mehnat faoliyatini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
- ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
- davlat oliy ta’lim muassasalari ilmiy faoliyatini rivojlantirish maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosini muvofiqlashtiradi.
- oliy ta’limning dolzarb masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda respublika va xalqaro kengashlar, konferensiyalar, simpoziumlar o‘tkazadi.
7) ta’lim muassasalarining zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularni tizimli rag‘batlantirish hamda uzluksiz kasbiy rivojlanishi bo‘yicha choralarini ko‘rish sohasida:
- davlat oliy ta’lim muassasalarining rektorlarini tayinlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi (moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno);
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining rahbarlari, pedagoglari va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga qo‘yiladigan malaka talablarini va (yoki) kasbiy standartlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
8) Vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish va takomillashtirish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini muntazam oshirib borishi uchun sharoitlar yaratish sohasida:
- rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etishning samarali shakllarini, shu jumladan, masofadan turib o‘qitish shaklini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kadrlarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi, o‘quv me’yoriy hujjatlarni takomillashtiradi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
9) oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimini hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali ularning o‘quv, ilmiy, ma’muriy va moliyaviy jarayonlarini avtomatlashtirish sohasida:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimi, innovatsion rivojlanish sohasida raqamli texnologiyalar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimiga oid ma’lumotlarni boshqarishning yagona tizimini shakllantirish orqali ma’lumotlarni (axborotlarni) to‘plash va raqamlashtirish uchun kerak bo‘lgan barcha resurslar yaratilishini tashkil etadi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limga oid hujjatlarni raqamlashtirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi va tizimga oid ochiq ma’lumotlarni shakllantirib boradi;
- ta’lim muassasalarida hisobotlarni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechish hamda ta’lim muassasasi faoliyatini avtomatlashtirish bo‘yicha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish orqali oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari faoliyatidagi funksional jarayonlar va tartib-taomillarni optimallashtirish choralarini ko‘radi;
- axborot tizimlari va resurslarini keng joriy etishni nazarda tutuvchi idoraviy raqamli transformatsiya dasturlarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi;
- elektron davlat xizmatlarini mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ko‘rsatishni yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi;
- ilm-fan va innovatsiyalar sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy va startap loyihalar natijalarini hudud iqtisodiyotiga samarali joriy etilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
- ilm-fan va innovatsiyalar sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy va startap loyihalar natijalarini sohalarga samarali joriy etilishini muvofiqlashtiradi;
- ilm-fan va innovatsiya sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va joriy etish yuzasidan moslashuvchan dasturlar ishlab chiqadi;
10) uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish sohasida:
- xalqaro moliya institutlari ekspertlari, mahalliy ilmiy tashkilotlar xodimlari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralarning salohiyatli mutaxassislarini jalb qilgan holda innovatsion rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqadi;
- innovatsion rivojlanish strategiyasi uchun samaradorlikni baholovchi maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ga erishish vazifalari bo‘yicha takliflarni umumlashtiradi;
- mamlakatni innovatsion rivojlantirish, global indekslar va xalqaro reytinglar, davlat va jamiyat qurilishiga ilmiy ishlanmalarni joriy etishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda tematik loyihalar mavzulari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqib, asoslangan xulosalar tayyorlanishini nazorat qiladi;
11) ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish sohasida:
- ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda mavzuviy loyihalarga davlat buyurtmasi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqib, asoslangan xulosalar tayyorlaydi;
- ilmiy va innovatsion faoliyatga mablag‘lar, jumladan banklar va moliya institutlarining investitsiyalari va texnik ko‘mak grantlar mablag‘larini jalb qilish ishlarini muvofiqlashtiradi;
- ilmiy-innovatsion ishlanmalar va loyihalarni venchur moliyalashtirishni amalga oshirish bo‘yicha kompleks ishlarni belgilaydi;
12) oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohada erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish sohasida:
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni, xorijiy hamkorlar dasturlari, qo‘shma dasturlarni amalga oshiradi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlari asosida xorijiy davlatlarning tegishli vakolatli organlari, ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatadi;
- idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, respublikaning oliy va professional ta’lim muassasalarida xorijiy mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlanishini, xorijiy talabalar o‘qitilishini muvofiqlashtiradi;
- tizimdagi davlat ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilarini xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalariga o‘qish uchun yuborilishini muvofiqlashtiradi;
- pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilar almashinuvini amalga oshiradi;
- rahbar hamda pedagog xodimlarning xorijiy davlatlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;
- o‘z xodimlari hamda mutaxassislarini xalqaro konferensiyalarga va stajirovkalarga yuboradi, ularning xalqaro loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlaydi;
- respublikadagi oliy ta’lim muassasalarini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshiradi, bunda mazkur oliy ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etadi;
13) ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
- o‘quvchilar va talabalar bilimlarining O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va malaka talablariga muvofiqligini tizimli ravishda tahlil qilish;
- davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va malaka talablarini, shuningdek ular asosida ta’limning barcha turlari bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish;
- ta’lim tashkilotlarida o‘quv-tarbiya hamda kadrlar tayyorlash sifati monitoringini tashkil etish va amalga oshirish;
14) idoraviy mansubligi va tashkiliy huquqiy shakllaridan qat’i nazar davlat ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazi sohasida:
- ta’lim sifatini nazorat qilish va ta’lim tashkilotlari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish;
- ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
- attestatsiya natijalariga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish;
15) bilim va malakalarni baholash bo‘yicha umummilliy siyosatni belgilash sohasida:
- test texnologiyalarini rivojlantirish, pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish sohasida strategik yo‘nalishlarini belgilaydi;
- umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini muntazam ravishda tahlil qiladi va konseptual jihatdan rivojlanish vektorlarini belgilaydi;
- rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish jarayoniga rahbarlik qiladi;
- xorijiy mamlakatlarda berilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish ishlarini muvofiqlashtiradi;
- ta’lim va fan sohasi tashkilotlari tomonidan beriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish jarayonini nazorat qiladi;
16) Vazirlik tizimidagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarni moliyalashtirish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, shuningdek, ularning moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
- idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning normativlarini belgilash to‘g‘risidagi takliflarni, ushbu masala yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
- Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tashkilotlarning budjet xarajatlar smetasi, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘larning daromadlar va xarajatlar smetasi, vaqtinchalik budjet xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
- Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tashkilotlarning tasdiqlangan jamlanma budjet xarajatlar smetalarini, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘larning jamlanma daromadlar va xarajatlar smetasi va jamlanma shtat jadvallarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etadi;
- tizimdagi moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun budjet mablag‘larini vazirlik hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan bitim asosida ajratilishini ta’minlaydi;
- Respublika oliy ta’lim kengashi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga qo‘shimcha ravishda davlat oliy ta’lim muassasalarini kiritib boradi;
- Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tashkilotlarda budjet hisobi yuritilishini tashkil etish va nazorat qilishni ta’minlaydi;
- Vazirlik orqali moliyalashtiriladigan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tashkilotlardan moliyaviy hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining maxsus dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda qabul qiladi hamda tegishli davr uchun jamlanma moliyaviy hisobotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi;
- Vazirlik tizimidagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tashkilotlarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi, xo‘jalik, ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati ustidan nazorat qiladi;
- oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlariga nisbatan moddiy-texnik baza, infratuzilma va parametrik talablarni belgilaydi;
- ta’lim tashkilotlarida moddiy-texnika resurslaridan foydalanishga doir talablarni ishlab chiqadi;
- tizimdagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari va tashkilotlarda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirilishini tashkillashtiradi hamda rivojlantiradi;
17) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu faoliyatni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish sohasida:
- oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash masalalarida tasarrufida ilmiy tashkilot va oliy ta’lim muassasalariga ega vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- tizimda oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalariga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda izlanuvchilar faoliyatining samaradorligi bo‘yicha monitoring olib boradi;
- vazirliklar, idoralar, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalarining oliy ta’limdan keyingi ta’limni muvofiqlashtiruvchi yagona elektron tizimdan samarali foydalanishlarini ta’minlaydi, shuningdek undan foydalanish bo‘yicha uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;
18) aholi orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va ularni mukammal o‘zlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda professor-o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish sohasida:
- davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat ta’lim muassasalarining xorijiy tillarni o‘qitishni ommalashtirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- xorijiy va mahalliy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatib, ularning moliyaviy, tashkiliy va uslubiy ko‘magini mamlakatda xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishga jalb qilishni tashkil etadi;
- vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda amalga oshirish imkoniyatini beruvchi uslubiyotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etadi;
- talab yuqori bo‘lgan kamida o‘nta xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilaydi;
- xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda ularga malaka toifasini berish jarayonini ochiqlik tamoyili asosida tashkil etadi;
- xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning ro‘yxatini hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning darajalari o‘rtasidagi muvofiqlikni tasdiqlaydi.
- Vazirliklar va idoralar xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning ro‘yxati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar darajalari o‘rtasidagi muvofiqlik jadvali asosida tizimlaridagi xodimlarga ustamalar belgilash uchun har yili o‘zlariga taalluqli bo‘lgan sertifikatlar ro‘yxatlarini tasdiqlaydi.
- Vazirlik qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.