audio

    0+
    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining murojaatlar platformasi orqali “o‘qishni ko‘chirish” bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblarni e’lon qilamiz

    “O‘qishni ko‘chirish” bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblar

    1. O‘qishimni viloyatimga ko‘chirayotgan edim qaysi elektron tizim orqali o‘qishni ko‘chirish uchun ariza bersam bo‘ladi?

    Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha arizalar iikita elektron tizim orqali qabul qilinadi. Agar respublikamizning bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga yoki bir oliy ta’lim muassasasi doirasida o‘qishni ko‘chirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz arizani  transfer.edu.uz tizitmiga yuklaysiz.

    Agar xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish isiitagida bo‘lsangiz, my.uzbmb.uz sayti orqali ariza  topshiriladi

    2. O‘qishni ko‘chirish uchun qanday hujjatlar tayyorlashim kerak?

    O‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirganda quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak bo‘ladi:  ariza (onlayn tarzda), transkript yoki reyting daftarchasi (JPG yoki PDF shakli) va  o‘qishni tiklovchilar uchun) akademik ma’lumotnoma

    3. Yaqinda turmush qurganman, turmush o‘rtog‘im viloyatda yashaydi. Shu sababli o‘qishimni viloyatimga ko‘chirsam bo‘ladimi?

    Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina ikki holatda ruxsat beriladi.

    Birinchisi, bu talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda.

    Ikkinchisi, esa davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda. Bunda  tegishli vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasi talab etiladi.

    Demak, bir viloyatdan ikkinchisiga ko‘chirishning 2 ta uzrli sabablaridan biri sizga mos keladi. Shu bois siz turmush o‘rtog‘ingiz doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish uchun belgilangan muddatlarda murojaat qilishingiz mumkin.

    4. 2-yildan beri Qozog‘istonda tahsil olaman. O‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirsam bo‘ladimi?

    Amaldagi tartibga muvofiq, xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun faqat mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshiradi va maxsus sinov imtihonida ishtirok etib, o‘tish balini to‘plash talab etiladi. Bunda

    1) talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi.

    2) test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15-iyulga qadar tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanib, Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

    3) o‘tish ballidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;

    4) xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

    5. O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qaysi paytda qabul qilinadi?

    O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha taqdim qilingan arizalar yilda 2 marotaba qabul qilinadi:

    1. Barcha turdagi o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshiriladi;

    2. Talabalar o‘qishni uzrli sabablarga ko‘ra ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar amalga oshiriladi.

    7.Grantda o‘qiyman o‘qishni ko‘chirganimdan keyin kontrakt bo‘lib ko‘chmaymanmi?

    O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

    Ya’ni, agar OTM yo‘nalishlari uchun ajratilgan bo‘sh grant o‘rni bo‘lsa, ta’lim muassasasidagi vaziyatdan kelib chiqib, talabaga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin.

    Ko‘zi ojiz va nogironligi bor talabalarga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi.

    Hurmatli yurtdoshlar, so‘nggi kunlarda ushbu mavzuga doir so‘ralgan eng ko‘p savollarga javoblar shulardan iborat edi. Sizda ham oliy va professional ta’lim sahosiga doir savollar bo‘lsa vazirlikning @eduuzuniversalbot’i orqali murojaat qilishingiz mumkin.

    • view_icon 321