Vazir YUNESKO Bosh direktori oʻrinbosari bilan muzokara oʻtkazdi
2025-03-12 11:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot chogʻida Stefaniya Jannini xonim Samarqand shahrida 2025-yil boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish doirasida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari tomonidan dunyoning turli davlatlarida 80 dan ortiq targʻibot tadbirlari tashkil etishdagi faol ishtirokini yuqori baholadi.
Tomonlar 2025-yil noyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtadigan YUNESKO Bosh konferensiya doirasida YUNESKO kafedralari vakillari uchrashuvini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Boʻlajak Bosh Konferensiya doirasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida YUNESKO kafedralari va UNITWIN tarmoqlari (UNESCO Chairs and UNITWIN Networks) vakillarining navbatdagi uchrashuvi oʻtkazilishi kelishildi.
Qayd etish joizki, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda jami 8 ta YUNESKO kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Ular Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Urganch davlat universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida joylashgan.
Vazir Q. Sharipov inklyuziv taʼlimni rivojlantirish va mazkur sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha qator takliflar bildirdi. Xususan, vazir taʼlim barcha uchun birday imkoniyatga ega boʻlishi kerakligini taʼkidlab, nogironligi bor shaxslar uchun taʼlim olish sharoitlarini yaxshilash, inklyuziv taʼlim metodlarini takomillashtirish hamda maxsus oʻquv dasturlarini ishlab chiqish yoʻnalishlarida xalqaro tajribani joriy etish, inklyuziv taʼlimni takomillashtirishda YUNESKO bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidladi.
Shuningdek tomonlar, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuv dasturlarini kengaytirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
YUNESKO Oʻzbekistonda texnika yoʻnalishidagi mutaxassislarni tayyorlash borasida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Iqtisodiyot ehtiyojlarini hisobga olgan holda nafaqat muhandislik yoʻnalishidagi oliy taʼlimni, balki malakali oʻrta boʻgʻin texnik mutaxassislarini tayyorlashni ham rivojlantirish zarurligini taʼkidlandi. Shu maʼnoda, Toshkent shahridagi Turin politexnika instituti hamda "Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti tajribasi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
YUNESKO mazkur yoʻnalishda Oʻzbekistonga xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni taʼminlash hamda bilim almashish orqali koʻmak berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari va iqtisodiyotning real sektori oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada texnik yoʻnalishdagi talabalar uchun amaliyot (internship) dasturlarini tashkil etish samarali yechim sifatida taklif qilindi.