Navoiy ijodining jahon madaniyatidagi o‘rni, matnshunoslik va tarjimashunoslik masalalari kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi
2025-02-07 11:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir turli davlatlardan yetuk olimlarni jamlagan holda, Navoiyning boy ilmiy va adabiy merosini chuqur tahlil etish va keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Konferensiyada Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston va Eron kabi davlatlardan taniqli olimlar ishtirok etib, Navoiyning adabiy, falsafiy va ilmiy merosi butun turkiy dunyo va jahon madaniyati uchun bebaho ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Tadbir davomida Navoiy ijodining jahon madaniyatidagi o‘rni, matnshunoslik va tarjimashunoslik masalalari hamda uning asarlarini zamonaviy ta’lim tizimida o‘qitish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Shuningdek, konferensiya doirasida akademik Shuhrat Sirojiddinovning “Amir Alisher” kitobining qozoq tiliga tarjimasi taqdim etildi. Ilmiy anjuman davomida Navoiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va tadqiqotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Tadbir yakunida Alisher Navoiy ijodini tadqiq etayotgan, turkologiya, o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan olim va jamoatchilik vakillari “Alisher Navoiy” medali bilan mukofotlandi. Ushbu konferensiya Navoiyning bebaho ilmiy va madaniy merosini yanada chuqur o‘rganish va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.