Oʻzbekiston va Italiya: taʼlim, fan va innovatsiyada hamkorlikning yangi bosqichi
2025-01-28 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Italiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Piyergabriyele Papadiya de Bottini, Turin shahri meri apparati rahbari Valentina Kampana, Turin shahri meriyasining Xalqaro aloqalar boʻlimi rahbari Daniela Silvi, Turin politexnika universiteti rektori Stefano Kornyati, Turin Savdo-sanoat palatasi prezidenti Daro Gallina, Sanoatchilar uyushmasi prezidenti Marko Gayem, shuningdek Aerokosmik, barqaror harakatchanlik, mexatronika, zavod muhandisligi va bosh pudratchilar uyushmasi prezidenti Jorjiey Garoloy ishtirok etdilar.
Vazir Q. Sharipov uchrashuvda Oʻzbekistonda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar, Italiya bilan oliy taʼlim sohasidagi mavjud hamkorliklar, xususan, Italiya universitetlarining Oʻzbekistondagi filiallari faoliyati haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga oid qator takliflar ilgari surildi.
Jumladan, Turin shahridagi Turin politexnika universitetida tahsil olayotgan ushbu universitet yotoqxonasidan o‘zbekistonlik talabalar uchun alohida joy ajratish, Toshkentdagi Turin politexnika universitetida esa inkubator tashkil etish, shuningdek, talabalarning Italiya korxonalarida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar taklif etildi. Turin politexnika universiteti rektori Stefano Kornyati bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Turin shahri meri Stefano Lo Russo Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishini yuqori baholab, Turin va Toshkent oʻrtasidagi hamkorlikning ikkinchi bosqichini yoʻlga qoʻyish muhim ekanligini taʼkidladi. U Turin politexnika universiteti misolida 15 yillik samarali hamkorlik tajribasini alohida qayd etdi. Shuningdek, Toshkent shahrida “Italiya-Oʻzbekiston ilgʻor muhandislik markazi”ni rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.
Italiya tomonidan kadrlar tayyorlash, tadbirkorlik va innovatsiya yoʻnalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, energetika, atrof-muhit, biotexnologiya, sunʼiy intellekt kabi sohalarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirildi. Elchi Piyergabriyele Papadiya de Bottini ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.