Germaniya ta’lim standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi
2025-01-20 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Forum davomida Prezidentning 158-son Farmoniga muvofiq kasbiy ta’lim tizimida malakali kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish bo‘yicha Germaniyaning “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, loyihani yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Germaniyaning Laypsig shahar Hunarmandchilik palatasi va “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda Shahrisabz shahar va G‘uzor tuman 1-son politexnikumlarida to‘liq nemis ta’lim standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimi joriy qilingan va bugungi kunda “Bino va inshootlar qurilishi” va “Metallar texnologiyasi” kasblari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 2024-yilning avgust-sentabr oylarida ushbu kasbiy ta’lim tashkilotlarining 8 nafar o‘qituvchisi Germaniyaning Laypsig shahar Hunarmandchilik palatasida malaka oshirib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, forum davomida kasbiy ta’lim tizimida xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish, ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash jarayonlariga manfaatdor vazirlik va idoralarni keng jalb qilish, ularni ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda dual ta’lim shaklini keng joriy etish masalalari yig‘ilganlar e’tiborida bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ushbu forum qolgan hududlar uchun Farg‘ona (22-yanvar) va Buxoro viloyatlarida (24-yanvar kuni) ham tashkil etiladi.