2024-yil davomida yoshlarning ma’naviy-tarbiyasi masalalarida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlanga brifing o‘tkazildi
2025-01-20 12:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama rivojlanishi, ularning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ijodiy salohiyatini yuksaltirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2024 yil davomida yoshlarni ma’naviy-tarbiyaviy rivojlantirish, ularning ijtimoiy, madaniy va intellektual hayotini boyitish yo‘nalishida ko‘plab keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Talabalarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida ularni fan olimpiadalariga, davlat stipendiyalari va mukofotlariga munosib nomzod sifatida tayyorlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yoshlarni 5 muhim tashabbus doirasidagi to‘garaklar va sport seksiyalariga faol jalb etish orqali ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2024 yilda talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi hamda teatrlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Oliygohlarda taniqli rassomlarning galereyalari, ko‘rgazmalari tashkil etildi. Shoir-yozuvchilar va madaniyat xodimlari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylandi. OTM radiouzellari orqali o‘zbek milliy maqom qo‘shiqlari muntazam efirga uzatildi.
Hozirda oliy ta’lim muassasalarida san’at va madaniyat, jismoniy tarbiya va sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik yo‘nalishlarida hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 3 ming 700 tadan ortiq to‘garak va klublar tashkil etilib, ularda 385 ming nafar talabalar ishtirok etib kelmoqda.
Tanlovlar, festivallar, sport musobaqalari, ma’naviy, huquqiy yo‘nalishdagi tadbirlar bilan 450 ming nafar talabalar qamrab olingan.
Talabalarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida madaniyat va san’at, sport sog‘lomlashtirish, Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ilm fan va intellektual salohiyatni oshirish, umumprofilaktik tadbirlar yo‘nalishlarida 47 ta yirik loyihalar asosida ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi va ularga 1 mln.dan ortiq talabalar jalb etildi.
Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik va yurtga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi amalga oshirildi. Bunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan 200 nafarga yaqin yozuvchi va shoirlar 55 ta guruhga taqsimlangan holda 210 ta oliy ta’lim muassasasi hamda ular tomonidan otaliqqa olingan umumta’lim maktablariga biriktirib chiqildi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida jami 162 360 nafar talaba, 76 280 nafar maktab o‘quvchilari va 17240 nafar mahalla fuqarolari qamrab olindi.
“Adabiy-ma’rifiy haftaliklar” loyihasi doirasida 41 ming nafardan ziyod talaba, 5,5 ming nafar professional ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va 700 nafar o‘qituvchilar qamrab olindi.
Shuningdek, 250 ming nafarga yaqin oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilarining davlat muzeylari va tarixiy manzilgohlarga tashriflari tashkil etildi. Har bir oliy ta’lim muassasasida haftada bir «Kino kunlari» o‘tkazildi.
Shuningdek, talabalaar o‘rtasida «Islohotlar bilimdoni», «Yil talabasi», “Ilhom” «Talabalar teatr studiyalari», «Ma’rifat maydoni», «Kitob mening do‘stim», «Eng yaxshi dasturchi», «Til bilimdonlari» kabi respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi.
«Milliy qadriyatlar sayli» tanlovi doirasida jami 80 ta adabiy-ma’rifiy yo‘nalishlarda turli xil loyihalar orqali 25 500 nafardan ortiq talaba-yoshlar, «Zakovat» intellektual o‘yinlari jami 70 marotaba o‘tkazilib 10 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar, Hisobot konsertlari jami 50 marotaba o‘tkazilib 31 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi.
Har chorakda bir marotaba «Kitobxon yoshlar ligasi» respublika onlayn kitobxonlik tanlovi o‘tkazilib, mazkur tanlov tanlovi orqali jami 600 mingdan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi.
“Yilning eng faol talabasi” ko‘rik tanlovi 7 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi. Barcha nominatsiyalar bo‘yicha 5000 ming yaqin talaba qatnashdi. «Yilning eng faol o‘quvchisi» tanlovi 5 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi. Barcha nominatsiyalar bo‘yicha 3000 ming yaqin talaba qatnashdi
Talabalarning sport bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab har yili 3 bosqichdan iborat “Talabalar ligasi” sport musobaqalari o‘tkazilishi belgilandi. 140 dan ziyod oliy ta’lim muassasalarida 9 ta sport turi – badminton, basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika, kurash, stol tennisi, futbol (futzal), shaxmat bo‘yicha 700 dan ortiq sport musobaqalari o‘tkazildi.
Mazkur musobaqalarga 37 268 nafar talabalar jalb etildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, ushbu sport turlari bo‘yicha bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi seksiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab yana bir katta msobaqa – “Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish marafoni tashkil etildi. Yugurish musobaqasining “Kuzgi” hamda “Bahorgi” mavsumlari O‘zbekiston yengil atletika Federatsiyasining “Yugur” (yugur.uz) elektron platformasi orqali o‘tkazilmoqda.
Joriy yilda “Kuzgi” mavsum doirasida 14 ta hududda “Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish musobaqalari o‘tkazilib, 10 ming 777 nafar talaba va 2 ming 071 nafar professor-o‘qituvchi qamrab olindi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida musobaqalar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida sportning mini-futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika, stritbol turlari bo‘yicha to‘rt bosqichda tashkil etilmoqda. Mazkur yirik tadbir doirasida 147 ta OTMda sportning 5 ta turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi va unda 441 869 nafar talabalar ishtirok etdi.
Shunday qilib, yoshlarning ma’naviy-tarbiyaviy rivojlanishi, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida talabalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,1 foizga kamayishiga erishildi.
Yoshlar tarbiyasi va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.