24 nafar professor-o‘qituvchiga Finlandiya ta’lim tajribalarini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan malaka oshirish kursi sertifikatlari topshirildi
2025-01-16 14:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Qo‘shma malaka oshirish kursi 2024-yilning oktabr oyidan boshlab 144 soatlik “Pedagogik texnologiyalar va pedagogik mahorat” yo‘nalishida tashkil etildi. Malaka oshirish kursida oliy ta’lim muassasalarining 24 nafar professor-o‘qituvchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Kurs gibrid shaklida, 72 soat Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida va 72 soati xalqaro reytingda 500 talikdan o‘rin olgan Finlandiya va Shvetsiya universitetlarida tashkil etildi. Malaka oshirish kursiga Finlandiyaning Yuvaskula pedagogika universiteti, Xelsinki universiteti, Kareliya amaliy fanlar universiteti, JAMK universiteti va Shvetsiyadagi ta’lim muassasalarida olib borildi.
Tinglovchilar tomonidan malaka oshirish kursining amaliy natijalari sifatida kichik guruhlarda tayyorlangan loyiha ishlari metodik qo‘llanma sifatida chop etildi. Metodik qo‘llanmada tinglovchilarning mutaxassisliklari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlari hamda Finlandiya ta’lim tizimining alohida jihatlari, ta’lim sifatini takomillashtirish tajribasi, ulardan O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlari tahlil qilingan.
Malaka oshirish kursi yakunida barcha ishtirokchilarga Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan davlat namunasidagi malaka attestati va Xalqaro Nordik universiteti huzuridagi “NORDIC TRAINING” malaka oshirish markazi va Prime Education Finland (Finlandiya) ta’lim tashkiloti tomonidan maxsus xorijiy sertifikatlar berildi.
16-yanvar kuni sertifikatlarni topshirish tadbirida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Uzoqboy Begimqulov, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafoqulov hamda malaka oshirish kursi tinglovchilari ishtirok etdi.