2024-yilda turizm sohasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar raqamlarda
2025-01-13 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari ijrosi yuzasidan 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari tomonidan hududlarda turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, turizm salohiyatini oshirishda ilmiy yondashish bo‘yicha bir qancha samarali ishlar olib borildi.
Jumladan:
- Turistik operatorlar bilan hamkorlikda 30 ta tuman va shaharlarning tarixi, turistik obyektlari to‘g‘risida turpaketlar soni 162 taga yetkazildi.
- Turli tillarda tuman, shaharlar turizm salohiyati, hudud va uning tarixi to‘g‘risida jami 4 267 ta kontent, jumladan, 906 ta axborot, 1 054 ta video hamda 2 307 ta foto kontentlari xorijiy tillarda yaratildi. Hududlar turistik mavqeyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xorijliklarga yetkazishda zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanilmoqda. Jumladan, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti yordamida Toshkent viloyati Parkent tumanidagi qadimgi Kumushkon qishlog‘i tarixi haqida sun’iy intellekt yordamida jonlantirilgan ingliz, fransuz va nemis tillarida videolavha tayyorlandi.
- Oliygohlar tomonidan biriktirilgan hududlarda soha vakillari uchun 82 ta qisqa muddatli kurslar va turistik obyektlarda 328 ta amaliyot dasturlari 5 173 nafar talabalar ishtirokida amalga oshirildi. Jumladan, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat transport universitetida va Andijon davlat chet tillari institutida “Turizm va mehmondo‘stlik” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yildi – 89 ta talaba (27 ta davlat granti va 61 ta shartnoma asosida) qabul qilindi. Andijon davlat chet tillari institutining Xonobod shahridagi oromgohida Turizm o‘quv-amaliyot laboratoriyasi tashkil qilindi. 2024-yil 13–15-avgust kunlari Qo‘qon universitetida “Mamlakatimizda turizm sohasi uchun zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari, muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. 7 ta oliy ta’lim muassasalari huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash kurslari tashkil etildi.
- 11 ta oliygohning har biri respublikaga 500 nafardan turist jalb qilish maqsadida 32 ta ilmiy anjuman va forumlar, 63 ta xalqaro ilmiy konferensiyalar, 46 ta etno-festivallar, 58 ta yozgi va qishki lagerlar, 10 ta tanlov va musobaqalar hamda 120 ta seminar-treninglar o‘tkazdi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan xalqaro talabalar ishtirokida Zomin tumanida “Yoshlar va Etnoturizm” shiori ostida “I Xalqaro talaba-yoshlar Zomin forumi”, Arnasoy tumanida “Arnasoy Art-festivali”, Xovos tumanida “Buyuk ipak yo‘li chorrahasida” turizm forumi hamda Forish tumani Mojrum qishlog‘ida "Forishga sayohat qil!" turizm aksiyasi tashkil etildi. Bundan tashqari, Forish-Arnasoy va Zomin-Baxmal yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta arxeologik va etnografik ekspeditsiyalar tashkil qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, xorijiy davlat elchilari va talabalar ishtirokida “Sahro sadosi” nomli II Xalqaro festival, Xo‘jayli tumani qadimiy Mizdakxon majmuasida “Mizdakxon–muqaddas va sirli maskan” nomli I Xalqaro festival hamda Taxtako‘pir tumani Qaratereng ko‘lida madaniy turizm tadbirlari o‘tkazildi.
- Oliygoh professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar tomonidan tumanlarning tarixiy va madaniy obyektlarini o‘rganish hamda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qiymati 10,83 mlrd so‘m bo‘lgan 14 ta ilmiy- tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
- 30 ta tuman va shaharlarda amalga oshirilgan ishlar natijasida 14 820 nafar xorijiy va 218 729 nafar mahalliy turistlar jalb qilindi. 2025-yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Braziliya, Meksika, Portugaliya, Daniya, Slovakiya, Avstriya, Hindiston va Janubiy Koreya hamda boshqa davlatlarda “O‘zbekistonning bebaho merosi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.