Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘g‘irotboy Sharipov Mongoliyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Daadanxuu Batbaatar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
2024-12-28 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Unda Mo‘g‘uliston bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida universitetlararo aloqalarni yanada rivojlantirish borasidagi takliflar muhokama qilindi.
Jumladan, ikki davlat oliy o‘quv yurtlarining forum va konferensiyalarini muntazam ravishda o‘tkazish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarda ishtirok etish, Mo‘g‘uliston fuqarolarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qishloq xo‘jaligi, texnika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga taklif qilish kabilar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida ikki davlat universitetlarining texnologiya, tibbiyot va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida bevosita hamkorligini rivojlantirish zarurati alohida ta’kidlanib, professor-o‘qituvchilar va talabalarni qo‘shma konferensiya, simpozium va seminarlarda ishtirok etishini ko‘paytirish qo‘llab-quvvatlandi.