Ilmiy va innovatsion ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun rejalar muhokama qilindi
2025-01-06 09:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Unda 2024-yilda ilm-fan va innovatsion faoliyat yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi tanqidiy tahlil qilinib, 2025-yilda bu borada ko‘zda tutilgan dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarining 2025-yil uchun eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) loyihasi, ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish bo‘yicha xorij tajribasi va uni O‘zbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadqiqotchilarning eʼtiborini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan real muammolarning ilmiy yechimlariga qaratish lozimligi aytildi.
Mamlakatimizda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ilmiy mahsulotlar hajmi va innovatsion mahsulotlar turlarini kengaytirish hamda sanoat ishlab chiqarish salohiyatini oshirishda oliy ta’lim muassasalari alohida faollik ko‘rsatishi lozimligi haqida to‘xtalib o‘tildi.
Joriy yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ilm-fan taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi zamonaviy axborot muhitini shakllantirish borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish, ularning xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, muhokama so‘ngida soha bo‘yicha prorektorlarning 2024-yildagi faoliyati yuzasidan hisobotlari tinglandi.