OLIY TA’LIM TIZIMIDA YANGILANISHLAR DAVRI yutuqlar, vazifalar, istiqbollar
2024-12-25 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida shu yil 5-fevralda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi o‘qitish sohasi tubdan yangilanishi, qator izchil islohotlar amalga oshirilishi uchun puxta zamin bo‘ldi.
Bu jarayonda xalqaro tajribaga asoslanib, ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy talablarga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, o‘qitish jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, innovatsion yondashuvlarni shakllantirish va joriy etish ustuvor vazifalardan bo‘ldi.
2024-yilda yangi O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘qitish sifatini oshirish hamda ixtisoslashuvni yanada chuqurlashtirish maqsadida jiddiy qadamlar qo‘yildi. Xususan, xalqaro reytinglarning yetakchi 300 taligiga kirgan oliy ta’lim muassasalari dasturi asosida mazmun jihatidan yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 40 foizgacha maqbullashtirildi. Buning natijasida 306 ta yo‘nalish 183 tagacha qisqartirilib, ta’lim yo‘nalishlari zamonaviy talablar va iqtisodiyot ehtiyojlariga muvofiqlashtirildi. Bunday yondashuv, bir tomondan, resurslarni oqilona taqsimlashga, ikkinchi tomondan, talabalarga sifatli va maqsadli ta’lim berishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘quv jarayonini tizimlashtirish va zamonaviylashtirishga qaratilgan bu o‘zgarishlar talabalarga tanlagan sohasi bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi. Shu bilan birga, yangi o‘quv reja va dasturlari asosida o‘qitish orqali yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Yangilangan “Oliy ta’limning davlat ta’lim standarti. Asosiy qoidalar”da kredit-modul tizimiga mos ravishda auditoriya va mustaqil ta’lim nisbati 50/50-40/60 foizlarda belgilandi (oldingi standart bo‘yicha bu nisbat 90/10 foizni tashkil qilar edi). O‘quv jarayonida tanlov fanlar salmog‘i oshirildi hamda talabalarning individual ta’lim trayektoriyalari joriy etildi. Jumladan, muhandislik-texnika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarining 45 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan bir-biriga yaqin turdosh ta’lim yo‘nalishlari birlashtirildi. 32 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 69 ta magistratura mutaxassisligi uyg‘unlashtirilib, 66 ta magistratura mutaxassisligi qoldirildi.
Muhandislik sohasida mamlakatimizda yetakchi oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan Drezden texnika universiteti (Germaniya) va Nagoya universiteti (Yaponiya) dasturlari asosida muhandislik ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasi yo‘nalish xususiyatiga moslashtirilgan holda ishlab chiqildi.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab talabalarda amaliy ko‘nikmalar va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish maqsadida ishlab chiqarish amaliyoti takomillashtirilishi belgilangan. Ushbu jarayonda 15 haftalik malakaviy amaliyotni tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishiga qaratilgan muhim qadamdir.
Muhandislik sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularga biriktirilgan korxona va tashkilotlar bazasida o‘quv jarayoni dual ta’lim tizimi asosida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Ushbu tizim bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etiladi. Bu amaliyotni ishlab chiqarish jarayoni bilan yanada mustahkam bog‘lash va mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Misol uchun, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 3- va 4-kurs talabalari uchun o‘quv jarayoni dual ta’lim tizimi asosida tashkil etildi. Bu jarayon ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda institutga biriktirilgan korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. O‘qitish jarayonini takomillashtirish maqsadida o‘zaro hamkorlik shartnomalari asosida Savdo-sanoat palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat” va boshqa uyushmalar tarkibidagi 20 dan ortiq korxona bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Dual ta’lim tizimiga muvofiq, o‘quv jarayoni ikki qismga bo‘linadi: 3 kun institutda nazariy bilim olinsa, qolgan 3 kun ishlab chiqarishda amaliy ko‘nikmalar shakllantiriladi. Bu yondashuv talabalarning nazariy bilimi va amaliy ko‘nikmasini uyg‘unlashtirib, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlashga xizmat qiladi.
Joriy va kelgusi yilgi oliy ta’limdagi tendensiyalardan yana biri muhandislik, texnika sohalarida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishdir. Bunda hududiy joylashuvi va kadrlar tayyorlash ixtisoslashuvi jihatidan yaqin bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari o‘zaro birlashtirish orqali optimallashtirilmoqda. Jumladan, 11 ta oliygoh negizida 4 ta yangi universitet tashkil etildi. 2024-yili Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini birlashtirish orqali ular negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti; Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti negizida Andijon davlat texnika instituti (universitetmasmi?); Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etildi.
Kelgusi yillarda ham muhandislik sohasidagi oliy ta’lim muassasalarini yiriklashtirish va xalqaro talablarga mos o‘qitish dasturlarini kengaytirishni davom ettiramiz. Bu, ayniqsa, sanoat va texnika sohasidagi mutaxassislarni sifatli tayyorlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, muhandis kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yo‘lga qo‘yish maqsadida muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hamda ryespublika oliy ta’lim muassasalarida oliy muhandislik maktablari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar loyihasi ishlab chiqildi.
Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlikda “Kiberneftgaz” muhandislik maktabi tashkil etildi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti Xitoyning Qingdao agrar universiteti bilan xalqaro loyihalar doirasida “Barqaror rivojlanish” muhandislik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
O‘zbekistondagi 7 ta oliy ta’lim muassasasining 39 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu jarayon ushbu dasturlarning jahon standartlariga mosligini tasdiqlab, talabalarga zamonaviy va raqobatbardosh bilim olish imkonini beradi. Xalqaro akkreditatsiyaga ega diplomlar xorijda keng tan olinishi tufayli bitiruvchilar xalqaro mehnat bozorida yuqori mavqega ega bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, yetakchi OTMlarning 500 taligidan o‘rin olgan 9 ta nufuzli xorijiy universitet bilan hamkorlikda 15 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi. Bunday dasturlar talabalarga ikki tomonlama diplom olish, nufuzli universitetlarda o‘qish hamda xalqaro tajribaga ega bo‘lish imkoniyatini taqdim etadi. Qolaversa, ushbu qo‘shma dasturlar talabalarning global fikrlash qobiliyatini rivojlantirib, yangi texnologiya va innovatsiyalarni o‘zlashtirishiga yo‘l ochadi. Bu qadamlar nafaqat talabalar va oliygohlar, balki mamlakatimizning umumiy taraqqiyoti uchun ham katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytinglarda mavqeini mustahkamlab, o‘qitish sifati va nufuzini yanada oshirmoqda. Yurtimizning ikki nufuzli oliygohi dunyodagi eng obro‘li reytinglardan biri bo‘lgan QS xalqaro reytingi ro‘yxatiga kirdi. Jumladan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti reytingda 547-o‘rinni egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston Milliy universiteti 781-790-o‘rinlar orasidan joy oldi.
Bundan tashqari, Times Higher Education tashkiloti tomonidan e’lon qilingan World University Rankings-2025 reytingidan ham mamlakatimiz oliygohlari munosib o‘rin egalladi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti 601-800-o‘rinlar orasida o‘z mavqeini mustahkamladi. O‘zbekiston Milliy universiteti 1001-1200-o‘rinlar orasidan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1501+ toifadan joy oldi. Shuningdek, 48 ta oliygoh “da’vogar” maqomi bilan ro‘yxatga kiritilgani ham ularning xalqaro reytinglarda o‘rnini mustahkamlashga intilayotganini ko‘rsatadi.
QS Asia University Rankings-2025 reytingidan O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rin olgani esa mamlakatimiz ta’lim tizimi xalqaro darajada e’tirof etilayotganining yorqin namunasidir. Bu reytinglar oliygohlarning xalqaro maydonda tan olinishiga xizmat qilish bilan birga zamonaviy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yishdagi sa’y-harakatlarini rag‘batlantiradi. Mazkur yutuqlar O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar va investitsiyalar samarali amalga oshirilayotganidan dalolat bermoqda.
Kelgusida yurtimizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 taligiga kiritish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yoshlarning jahon standartlariga mos bilim olish imkoniyatini kengaytirib, mamlakatning global akademik maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’lim sifati va mutaxassislar malakasini oshirish borasidagi ishlar ham mazkur maqsadlarga xizmat qiladi. Xususan, joriy yilda 4970 professor-o‘qituvchi xorijda malaka oshirish uchun yo‘llanma oldi. Mamlakatimizda ta’limning xalqaro darajadagi talablariga muvofiqligini ta’minlash uchun xorijda malaka oshirgan yoki stajirovka o‘tagan professor-o‘qituvchilar ulushini 20 foiz oshirishni rejalashtirganmiz. Bu jarayon mutaxassislarning xalqaro tajriba almashishi va yangi bilimlarni egallashi, zamonaviy ta’lim usullari va innovatsiyalarni o‘zlashtirishiga xizmat qiladi. Ular chet elda ta’lim va tadqiqotlar sohasidagi eng so‘nggi tendensiyalarni o‘rganib, O‘zbekistonga qaytgach, oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Shuningdek, xorijlik 2500 dan ziyod professor-o‘qituvchi O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga jalb etildi. Bu talabalarga xalqaro darajada bilim va ko‘nikmani egallash imkoniyatini taqdim etmoqda. Shuningdek, yoshlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro tajribalardan foydalanishi mumkin. Bu jarayonni rivojlantirish maqsadida yurtimiz oliy ta’lim muassasalariga jalb qilingan xorijlik professor-o‘qituvchilar ulushini 12 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Toki talabalarning xalqaro bilim va tajribadan xabardorlik imkoniyati yanada kengaysin.
Talabalarning bilim olishi va akademik yutuqlarga erishishi uchun oliygohlarimiz infratuzilmasi zamonaviy bo‘lishi muhim. Yaqinda qilingan ishlar natijasida oliy ta’lim muassasalari infratuzilmasi sezilarli darajada mustahkam landi. Joriy yilda davlat oliy ta’lim muassasalarida 27 ming 364 o‘rinli talabalar turar joyi va 10 ming 500 o‘rinli o‘quv binolari barpo etildi. Bu yoshlarga qulay va barqaror ta’lim muhiti yaratish, ularning talabalar shaharchasidagi hayotini ancha yengillashtirishga xizmat qiladi.
Talabalarga xizmat ko‘rsatishda zamonaviy axborot texnologiyalari bilan faoliyatni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha bosqich talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish to‘liq raqamlashtirildi. Bu jarayon avtomatlashtirilishi natijasida talabalar o‘z yashash joyini masofadan band qilish va joylashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, talabalar va ota-onalarining vaqtini tejash, jarayonning aniq, o‘z vaqtida amalga oshirilishi bu yo‘nalishdagi korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.
2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Yil nomidan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimida ham qator tashabbuslarga qo‘l urishni rejalashtirdik. Ushbu yil dasturida “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi ta’kidlandi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Yashil oliygoh” loyihasini amalga oshirish katta ahamiyatga ega.
Shu sababli mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari xalqaro talablarga javob beradigan barqarorlik va ekologik samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilaydigan “Harakatlar rejasi” ishlab chiqildi va ushbu rejani shakllantirishda GreenMetric xalqaro reyting tizimining baholash mezonlariga tayanildi.
Xo‘sh, nima uchun GreenMetric xalqaro reytingiga alohida ahamiyat qaratildi? Gap shundaki, oliygohlar bu reytingda ishtirok etish orqali ta’lim muassasasi infratuzilmasini yaxshilash, energiyani tejash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash, transport tizimini takomillashtirish, ta’lim va tadqiqot faoliyatini uyg‘unlashtirish hamda talabalar va xodimlar o‘rtasida “yashil” madaniyatni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bois ham 2025-yil davomida oliygohlarning GreenMetric xalqaro reytingida ishtirokini ta’minlash, ular faoliyatini muvofiqlashtirish orqali yil yakunida mazkur xalqaro reytingning baholash mezonlari asosida milliy reytingni shakllantirishni ham maqsad qildik.
2024-yilda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi islohotlar va erishilgan yutuqlar o‘qitish sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlash va global akademik maydondagi nufuzimizni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlar bo‘ldi. Oliy ta’lim muassasalari infratuzilmasini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim dasturlarini zamonaviylashtirish orqali yoshlarimizga jahon standartlariga mos bilim olish imkoniyati yaratildi. Kelgusida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, mamlakatimizning ta’lim sohasidagi yutuqlari mustahkamlanadi.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri