O‘zbekistonning 7 ta oliygohi QS agentligining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sohasidagi eng yaxshi universitetlar reytingidan joy oldi
2024-12-11 14:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Dunyoning ikki mingga yaqin universitetlarini qamrab olgan mazkur reytingdan O‘zbekistonning yettita universiteti joy oldi. Ulardan bittasi o‘tgan yilgi o‘z o‘rnini yaxshilagan bo‘lsa, to‘rttasi reytingga birinchi marta kiritildi.
Jumladan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 828-o‘rin, O‘zbekiston milliy universiteti 931-940, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1161-1180, Toshkent davlat texnika universiteti 1251-1300, Toshkent davlat transport universiteti 1401-1450, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1501+ va Urganch davlat universiteti 1501+ o‘rinlarni qayd etdi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU) reytingda ishtirok etayotgan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida metodologiyaning beshta ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda: “Bilim almashish”, “Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi”, “Sog‘liq va farovonlik”, “Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha ta’lim” va “Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tadqiqotlar”.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari “Atrof-muhit muhofazasi sohasida barqaror rivojlanish” ko‘rsatkichi bo‘yicha eng kuchli natijalarga erishmoqda.
Mamlakatimizning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 500 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatiga kirgan, ulardan ikkitasi eng yaxshi 300talikka kirgan: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 279-o‘rinni va Toshkent davlat transport universiteti 295-o‘rinni egallagan.
Xuddi shunday holat “Boshqaruv modeli” ko‘rsatkichi bo‘yicha ham kuzatilmoqda. Bu ko‘rsatkich axloqiy me’yorlarga rioya qilish, nomzodlarni izlash va xodimlarni ishga qabul qilishda ilg‘or tajribalardan foydalanish, qarorlar qabul qilish tamoyillarining shaffofligi kabi samarali boshqaruv bilan bog‘liq omillarni hisobga oladi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekistonning beshta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng yaxshi 500 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kirgan. Ular orasida eng yuqori o‘rinni Toshkent davlat transport universiteti egallagan bo‘lib, reytingning 400-o‘rnida joylashgan.