Markaziy Osiyoda birinchi “QS impACT council” kengashi Oʻzbekistonda tashkil etildi
2024-11-29 20:40:00 / Vazirlik yangiliklari
QS ImpACT Kengashining ekspertlar kengashi Markaziy Osiyodagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini har tomonlama tahlil qilib, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetini mintaqada “QS ImpACT council” kengashini tuzishga munosib nomzod deb topdi. Ushbu qaror universitetning yuqori xalqaro reytinglari, yuksak akademik obroʻsi va muhim ilmiy yutuqlariga asoslandi.
QS impACT taklifi asosida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Markaziy Osiyodagi birinchi “QS impACT council” kengashi tashkil etildi va QS impACT maxsus ekspert kengashi Markaziy Osiyodagi “QS impACT council” kengashi prezidentiga koʻrsatilgan nomzodlar ichida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tadqiqotchisi PhD Eʼzozbek Ozodov nomzodini munosib deb koʻrishdi.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan QS impACT kengashi orqali universitet talabalari xalqaro miqyosidagi “QS impACT awards” nufuzli mukofoti hamda “QS impACT scholarship” stipendiyalarida ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari dunyoning TOP 1000 universitetlarida qoʻshimcha taʼlim olish, mobillik dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Eslatib oʻtamiz, QS impACT bu QS (Quacquarelli Symonds) nufuzli reyting tashkilotining tashabbuskor loyihasi hisoblanib, unda barqaror rivojlanish maqsadlari (sustainable development goals)ni yanada ommalashtirishga qaratilgan xalqaro darajadagi loyihalardan biri hisoblanadi.
Endilikda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan ushbu kengash QS impACT Markaziy Osiyo nomidan ishtirok etadi.