Yoshlar oʻrtasida “Kelajak oʻyinlari”(kibersport)ni ommalashtirish boʻyicha seminar tashkil etildi
2024-11-26 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining raqamlashtirish va axborot texnologiyalari boʻyicha maslahatchisi Bobur Rahimov seminarda soʻzga chiqib, quyidagilarni taʼkidladi:
“Kibersport bugungi kunda zamonaviy yoshlarning qiziqishlari va salohiyatini rivojlantirishda muhim vositaga aylanmoqda. Kibersport shaxsiy va jamoaviy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etuvchi zamonaviy platformadir. Shu sababli, kibersportni oliy taʼlim tizimida ommalashtirish va u orqali yoshlarimizning intellektual va texnologik rivojlanishiga hissa qoʻshish muhim sanaladi”.
Seminar davomida talabalar kibersportini rivojlantirish boʻyicha, jumladan “Oʻzbekistonda talabalar kibersport ligasini joriy etish yoʻllari: xalqaro amaliyot tahlili”, “Kibersport musobaqalarini oʻtkazishning reglament masalalari”, “Talaba-yoshlar oʻrtasida kibersport turini ommalashtirish boʻyicha Toshkent tibbiyot akademiyasi tajribasi” kabi mavzularda mutaxassislar ishtirokida maʼruzalar qilindi.
Tadbirda bu kabi seminarlar respublikaning barcha hududlarida oʻtkazilishi, bu orqali oliy taʼlim muassasalarida “Kelajak oʻyinlari” klublari tashkil etilishi, ularning rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqilishi hamda “Rektor kubogi” musobaqalari va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi mumkinligi maʼlum qilindi.