Vazir oʻrinbosari Andijondagi rektorlar, prorektorlar hamda doktorantlar bilan uchrashdi
2024-11-27 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Dastlab, O.Mahkamov Andijon davlat universitetida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining 200ga yaqin tayanch doktorant, stajyor-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida vazir oʻrinbosari doktorantlarning ilm-fan va oliy taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini tingladi va koʻtarilgan masalalar yuzasidan yechim berib, oʻz tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, O.Mahkamov universitetning qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasida boʻlib, bu yerda ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarning yangi innovatsion ishlanmalari bilan tanishdi.
Soʻng, keyingi manzil Andijon mashinasozlik instituti bo‘lib, unda viloyatdagi davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining rektorlari hamda prorektorlari bilan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda hududdagi yoshlarning ilmiy va innovatsion ishlanmalarini amaliyotga joriy qilish maqsadida loyihalar prototiplarini ishlab chiqish, korxonalar bilan dual ta’limni yo‘lga quyish, aholida ilm olish orqali kambag‘allikdan qutulishga qaratilgan qarashlarni shakllantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi bitiruv malakaviy ishlar hamda magistrlik dissertatsiyalarining qamrovini oshirish kabi o‘nlab masalalar muhokama qilindi.
Yakunda Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarining hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.