Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-11-14 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari
"InnoWeek-2024" xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Eron Islom Respublikasining Ilm-fan, texnologiyalar va bilimga asoslangan iqtisodiyot boʻyicha vitse-prezidenti oʻrinbosari Turaj Amroiyni qabul qildi.
Vazir Q.Sharipov ikki mamlakat oʻrtasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimida olib borilayotgan amaliy ishlar va erishilgan natijalar haqida toʻxtalib, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, iqlim oʻzgarishi, suv tejamkor va irrigatsiya texnologiyalari yoʻnalishlarida “Oʻzbekiston-Eron” amaliy va innovatsion loyihalar tanlovini davom ettirish hamda qisqa muddatli stajirovka dasturlarini tashkil qilish kerakligini qayd etdi.
Janob Turaj Amroiy oʻz navbatida Eron Prezidentining fan va texnologiyalar boʻyicha vitse-prezidenti idorasi bilan ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida muhandislik maktablarini tashkil etish, iqlim oʻzgarishi, muqobil energiya, yashil energiya hamda oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishlarida texnologiyalar transferini amalga oshirish masalalari yuzasidan taklif berdi.
ayd etish joizki, innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida "Oʻzekspomarkaz"da boʻlib oʻtayotgan koʻrgazmada 90 kv.m.li Eron pavilyoni joy olgan boʻlib, unda 20 ta Eron korxonasi oʻz innovatsion mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Shuningdek, 15-noyabr kuni haftalik doirasida — O‘zbek-Eron innovatsion texnologiyalar biznes forumi o‘tkaziladi.