Zaruriy dasturlarni belgilashning oqilona va dolzarb yo‘li
2024-11-14 09:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Kuzning iliq kunlari tugab, qish faslining yogʻingarchilikka boy kunlari yaqinlashib kelmoqda. Dono xalqimiz aytganidek “Aqrabning yarmi kuz, yarmi qishdir”. Mamlakat darajasida yomgʻir va qor, seldan samarali foydalanish suv tanqis bugungi davr uchun muhim ahamiyatga ega. Joriy yil 7-noyabrda davlatimiz rahbari raisligida qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Videoselektorni qish mavsumi boshlanishidagi eng dolzarb va oʻz vaqtida oʻtkazilgan yigʻilish deb aytish mumkin. Chunki bugun dunyo boʻylab, xususan, mintaqamizga ham ekologik muammolar qatori suv tanqisligi jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Shu sababli Oʻzbekistonda suv tejovchi innovatsion muhandislik texnologiyalarini keng joriy qilish, tabiatning bu noyob neʼmatini saqlash va tejash masalasida jadal islohotlar oʻtkazilmoqda.
Jahon meteorologiya tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2050-yilga borib, dunyo aholisining yarmidan koʻprogʻi, yaʼni 5 milliarddan ziyod odam suv tanqisligini boshdan kechirishi mumkin. Bunday tahlillar iqlim oʻzgarishi, aholi sonining koʻpayishi, daryo hamda boshqa suv resurslaridan samarasiz foydalanish oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar sifatida baholanmoqda. Suvdan oqilona foydalanish nafaqat ayrim davlatlar uchun, balki global miqyosda ham dolzarb masalaga aylanmoqda.
Oʻzbekistonda suv taqchilligi iqtisodiyotning turli sohalari, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi va sanoatga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Suv xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimiz suv resurslarining 80 foizini qoʻshni davlatlardan oladi, faqat 20 foizi mamlakat ichida shakllanadi. Bu vaziyat davlatimiz rahbarining oqilona pozitsiyasini tasdiqlab, Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryo suvidan foydalanishda qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro yaxshi qoʻshnichilik va bir-birini toʻldirish tamoyillariga asoslangan strategiyalarni rivojlantirish zarurligini koʻrsatadi.
2030-yilga borib, Oʻzbekiston suv taʼminotida 7 milliard kub metr suv yetishmovchiligi kuzatilishi hisobga olinsa, suv va suv resurslarini tejash hamda oqilona boshqarish strategiyasi dolzarb masalaga aylanadi. Shu munosabat bilan iqtisodiyotning barcha tarmogʻida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish zarurati paydo boʻlmoqda.
Videoselektorda Prezidentimiz Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi muammosi institutsional yechimlar kutayotganini taʼkidladi. Ushbu muammoni hal etish mintaqa davlatlari, xalqaro moliya tashkilotlari va ekspertlar bilan ilmiy hamkorlikda saʼy-harakatlarni keng qamrovli diplomatik shaklda olib borishni talab etadi. Natijada Amudaryo va Sirdaryo kabi asosiy daryo manbalari mavjud mintaqada transchegaraviy suv masalalarini rejalashtirish boʻyicha umumiy siyosat va chora-tadbirlar ishlab chiqish zaruratga aylanadi. Jumladan, suv tejovchi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish suv resurslarini samarali boshqarishga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, nafaqat mamlakat sanoati va qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti, balki mintaqaviy iqtisodiy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Suv resurslarini tejash va yogʻingarchilikni innovatsion boshqarish zarurati
Agrar sektorga ixtisoslashgan mamlakatda qishloq xoʻjaligi, sanoat va aholining kundalik ehtiyojini qondirishda muvozanatni saqlash, iqtisodiy oʻsish barqarorligini taʼminlash suv resurslari yetarliligi bilan bogʻliq.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Oʻzbekistonda suv tejovchi texnologiyalar, suv resurslari va yogʻingarchilikni samarali tizimlashtirish jarayonini keng joriy etish vaqti keldi. Bu borada davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, respublikamizda 2 million gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilishi natijasida 2 milliard kub metr suv tejalgan. Afsuski, ayrim hududlarda suvtejamkor texnologiyalardan toʻliq foydalanilmayotgani aniqlangan. Bu esa nazorat va monitoringni kuchaytirish, texnik xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda ularni malakali kadrlar bilan taʼminlashni taqozo qiladi.
Videoselektorda 500 ming gektar maydonda qoʻshimcha suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejasi ishlab chiqilgani aytildi. Jumladan, Qoraqalpogʻistonda lazerli tekislash uskunalarini qoʻllash va har gektarga subsidiya ajratish tajribasi bu texnologiya samarali ekanini isbotladi. Chunki ekin maydonlarini sugʻorishdan oldin tekislash suv sarfini sezilarli darajada kamaytiradi. Endi Xorazm viloyatida ham lazerli tekislash tizimini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Texnik subsidiyalar va moliyaviy yordam orqali fermerlarga bu texnologiyani joriy qilishni yengillashtirish muhim. Chunki ularning ehtiyojiga mos texnologiyalarni tanlab, uskunalardan oqilona foydalanishda qoʻllab-quvvatlash talab etiladi. Shu bois, hududiy texnik markazlarni tashkil etish, uskunalar holatini muntazam kuzatish va raqamlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Yigʻilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan birga, raqamlashtirishni jadallashtirish masalasi ham koʻtarildi. Bugun nasos stansiyalariga onlayn nazorat tizimlari va “aqlli suv” qurilmalari oʻrnatilmoqda. Ammo mazkur qurilmalardan keladigan maʼlumotlarni tahlil qilish va sugʻorishni boshqarish boʻyicha yagona axborot tizimi mavjud emas. Suv resurslarini boshqarishning yagona axborot tizimini yaratish orqali har bir hududdagi suv isteʼmolini monitoring qilish, texnik holatni tahlil etish va fermerlarga suv tejash boʻyicha tavsiyalar berish mumkin. Bu qadam raqamlashtirish va sunʼiy intellekt yordamida avtomatik boshqaruv orqali suv tejamkorligini yanada oshiradi.
Yomgʻir va qor, sel suvini boshqarishda xalqaro institutsional tajriba
Bugun suv va suv resurslarini innovatsion texnologiyalar asosida boshqarish ommalashib, suv manbalari qisqarishi muammosi dolzarb boʻlib bormoqda. Ekspertlar prognoziga koʻra, 2025-yilda rivojlanayotgan dunyo aholisining uchdan bir qismi suv tanqisligi muammosiga duch keladi.
Yer yuzida suv oqimi noteng taqsimlangan boʻlib, koʻp qismi yogʻingarchilikning fazoviy va vaqtinchalik oʻzgaruvchanligi sababli mavsumiy toshqinlar orqali isrof boʻladi. Hozirgi texnik, ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan samarali dasturlar orqali yiliga taxminan 9000-14000 kub kilometr suvning (yogʻingarchilikning 8-13 foizi) nazorat qilinishiga erishilgan. Shuningdek, taxminan 3400 kub kilometr suv (3 foiz) turli maqsadda ishlatiladi. Bu oʻrinda eng katta ulush qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri keladi, yaʼni umumiy suv isteʼmolining taxminan 70 foizini tashkil etadi. Qolgan qismi asosan, aholi turmush tarzi va sanoat ehtiyoji uchun sarflanadi. Gidroenergetika, ekotizimlar, navigatsiya va dam olish uchun ham suvdan foydalaniladi.
Jahon suv kengashi eʼtirof etganidek, yogʻingarchilikning mavsumiyligi va taqsimlanishi, ayniqsa, Osiyo mintaqasida suvdan samarali foydalanish va uni saqlash imkoniyatlari bilan izohlanadi. Bu borada Bangladesh tajribasi shakllanib bormoqda. U yerda yogʻingarchilikdan unumli foydalanish orqali qishloq xoʻjaligi mahsuldorligi oshirilyapti. Mazkur mamlakatda muntazam yogʻingarchilik va toshqinlar qishloq xoʻjaligi uchun zarur namlikni taʼminlaydi hamda tuproq hosildorligini oshiradi. Bu yerda tabiat suvi, kam foizli kredit va yangi texnologiyalar yordamida fermerlarni qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy barqarorligini taʼminlash tizimli yoʻlga qoʻyilgan.
Yogʻingarchilikdan texnologik foydalanish koʻplab mamlakat, jumladan, Norvegiyada keng joriy etilgan. U yerda suv taʼminoti uchun asosiy manba koʻl va suv omborlarida yigʻilgan yomgʻir suvidir. Suv toshqini sababli shaharlardagi yomgʻir yoki sel suviga muammo sifatida qaralgan. Shuning uchun shaharlar maxsus suv chiqarish tizimi orqali drenajlashtiriladi. Iqlim oʻzgarishi sababli qisqa muddatli kuchli yomgʻir yoki vaqti-vaqti bilan uzoq davom etuvchi ekstremal yomgʻir hodisasi muhandislik infratuzilmalari orqali muayyan joyda toʻplanadi. Yomgʻir kuchayishi natijasida hosil boʻladigan suv toshqini tufayli oqova suv tarmogʻi orqali chiqariladigan choʻkindiga ekologik zarar sifatida qaraladi.
Norvegiyaning ayrim hududida muayyan vaqt davomida qurgʻoqchilik va suv tanqisligi ortib bormoqda. Masalan, 2018, 2021-2022-yillarda bunday holat koʻp kuzatilgan. Bu esa yomgʻir suvini yigʻish va ishlatish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlashning ahamiyatini yanada oshiradi. Qurgʻoqchilik, toshqin, iqlim oʻzgarishi va urbanizatsiya bilan bogʻliq muammolar suv resurslarini barqaror boshqarish zarurligini koʻrsatmoqda. Yomgʻir suvini muhim resurs sifatida qoʻllash bilan birga, undan turli ijtimoiy va ekologik manfaatga ega, yashash uchun qulay, muhiti sogʻlom va barqaror shaharlarni yaratishda ajralmas qism sifatida foydalanish muhim.
Xalqaro miqyosda yomgʻir suvini yigʻish amaliyoti qadimiy davrlarga borib taqaladi. Lekin yomgʻirni yigʻish va foydalanish rivojlanishi boʻyicha mintaqalar oʻrtasida katta tafovut mavjud. Oʻtmish tajribasiga koʻra, yetarli miqdorda toza suv manbai mavjud boʻlmagan hududlar, masalan, Avstraliya, Braziliya, Misr, Isroil kabi mamlakatlar, shuningdek, Xitoyning shimoli-gʻarbi, Italiya janubida bu tizim kengroq tarqalgan. Boshqa davlatlarda esa sekin rivojlangan yoki baʼzilarida endi rivojlanyapti. Jumladan, Norvegiyada yomgʻir suvini yigʻish va foydalanishga Oslo hamda sharqiy hududlardagi munitsipalitetlar qiziqish bildirmoqda.
Oslo va Frogn kabi hududlar fuqarolarni yozda bogʻ sugʻorish uchun ichimlik suv oʻrniga yomgʻir suvidan foydalanishga undamoqda. Bogʻ sugʻorish uchun yomgʻir suvini toʻplash boʻyicha qoʻllanmalar nashr qilingan. Kelgusi yillarda Oslo shahri hokimligi yomgʻir suvini yigʻishga suv oqimini nazorat qilish, toshqinning oldini olish va sport yoki koʻngilochar maqsadlarda foydalanish omili sifatida qaramoqda.
Fikrimizcha, Norvegiyada yomgʻir suvini yigʻish va sel suvidan foydalanish koʻlami kelajakda, ayniqsa, iqlim va jamiyatdagi oʻzgarishlar sababli yanada kengayadi. Bu esa suv taqchilligiga duch kelayotgan Oʻzbekiston kabi mamlakatlar uchun yomgʻir suvini yigʻish va sel suvidan foydalanish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganishni talab etadi. Buning uchun innovatsion natijalar, jumladan, qadimiy texnologiyalardan to eng soʻnggi ishlanmalargacha amaliyotga tatbiq etish juda muhim.
Xalqaro tajribalarga koʻra, yomgʻir va qor, sel suvini toʻplash boʻyicha Avstraliyadagi keng qamrovli amaliyot, shuningdek, Xitoy, Portugaliya va Germaniyadagi yomgʻir suvini yigʻish tajribasi oʻrganishga arziydi.
Yomgʻir suvining sifati, odatda, boshqa sirtlardan yigʻilgan sel suvi sifatiga nisbatan ancha yaxshi. Chunki yer yuzasidan oqib kelgan suv odatda tuproq, organik moddalar va bogʻ oʻgʻitiga boy boʻlib, turli qoʻshimchalarni oʻz ichiga oladi. Shu sababli yomgʻir suvidan samarali foydalanish mumkin.
Yomgʻir suvidan foydalanishning xitoycha anʼanasi va innovatsion texnologik bosqichlar
Xitoyda yomgʻir suvidan foydalanishning uzoq tarixiy anʼanasi mavjud boʻlib, bu qadimiy davrlardan bugungacha davom etmoqda. Qadimiy xitoylik faylasuf Laoszi “Yaxshilik suvga oʻxshaydi. Chunki u barcha narsaga kerak, lekin hech nima talab qilmaydi”, degan. Mazkur hikmatdan koʻrinib turibdiki, xitoyliklar ming yillar davomida yomgʻir suvini yigʻish loyihalari bilan shugʻullangan.
Iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar, ayniqsa, toshqinlar hamda qurgʻoqchilikka qarshi kurashish maqsadida Xitoyda yomgʻir suvini yigʻish loyihalari yaratilgan. Bunday loyihalardan biri 1300 yildan ziyod tarixga ega boʻlgan Hani terassalari. Terassalar tizimidan asosiy maqsad oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan birga, tuproq va suvni saqlash, eroziya va toshqinlardan himoyalashga xizmat qiladi. Hani qishloqlari togʻ yonbagʻrida joylashgan, yuqorida oʻrmonlar, pastda esa terassalar bilan oʻralgan. Yomgʻir suvi oʻrmonlardan terassalarga yoʻnaltiriladi va ortiqcha suv vodiy tubidagi daryoga oqadi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti Hani Rays terassasini jahon ahamiyatiga ega qishloq xoʻjaligi merosi tizimi sifatida tan olgan. Yangi misollardan biri — Jyansi provinsiyasidagi Fushou drenaj tizimi. Bu kabi loyihalar odamlar tafakkuri va tabiat injiqliklari natijasida yigʻilgan bilimlar asosida amalga oshirilgan.
Zamonaviy yomgʻir suvini yigʻish tizimidan foydalanish Shimoli-gʻarbiy Xitoydagi Gansu provinsiyasida keng tarqalgan. Bu hudud yil davomida kam yomgʻir yogʻadigan, quruq joylardan. Yomgʻir suvidan hududda ichimlik va boshqa ehtiyojlar uchun muhim manba sifatida foydalaniladi. Suv tanqisligi tufayli yomgʻir suvini yigʻish majburiy choragi aylangan. Shunga koʻra, Gansu mahalliy hukumati “121-yomgʻir suvini toʻplash” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan strategik qaror qabul qildi. “121” nomi har bir oilaga 80-150 kub metr maydonda yomgʻir suvini toʻplash tizimini qurishga koʻmak berishni, birinchi “1” ikkita yer osti idishini, har biri 15-20 kub metr hajmda boʻlib, biri uy-roʻzgʻor ehtiyojlari, ikkinchisi esa tomorqani sugʻorish uchun moʻljallanganini (“2”) va xonadon yonidagi maydonni sugʻorish uchun yomgʻir suvi saqlanadigan havzani (ikkinchi “1”) bildiradi.
Xitoy hukumati 1996-yilda “Yomgʻir suvini yigʻish, sugʻorish” loyihasini taklif qildi. “121” loyihasi uy-roʻzgʻor ehtiyojlarini qondirish uchun suv yetkazib bergan boʻlsa, sugʻorish loyihasi dehqonlarga oʻz xonadonida iqtisodiyotni rivojlantirish va turmush sharoitini yaxshilashga yoʻl ochdi.
Yomgʻir suvini yigʻish amaliyotini tatbiq etishda standartlashtirish muhim ahamiyatga ega. Yomgʻir suvini toʻplash, saqlash va foydalanish boʻyicha texnik kod 2001-yilda birinchi marta sanoat standarti sifatida joriy qilingan va SL267-2001 sifatida tasniflangan. Bu yomgʻir suvini yigʻish boʻyicha Xitoydagi birinchi sanoat standartidir. U qishloq va shaharlarda ushbu suvdan foydalanishga qaratilgan.
Yomgʻir va sel suvidan foydalanish turli mamlakat va mintaqalardagi suv resurslari, suvga talab, iqtisodiy rivojlanish va siyosiy jarayonlarga bogʻliq holda amalga oshirilayotgan innovatsiyalar samarador ekanini koʻrsatadi.
Yomgʻir va sel suvi omborini raqamlashtirish — suv tanqisligi muammosiga yechim
Videoselektorda Oʻzbekistonda suv resurslarini tejash va samarali boshqarish sohasidagi islohotlar, yangi texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirish jarayoni qishloq xoʻjaligi imkoniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Mamlakatimizda suvni hisobga olish va boshqaruvning shaffof tizimi yoʻlga qoʻyilgani tufayli yerning suv bilan taʼminlanishi yaxshilanib, milliardlab kub metr suv tejalayotgani alohida qayd etildi. Bu oʻzgarishlar suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatini berish bilan birga, ekologik barqarorlikni taʼminlaydi.
Yigʻilishda suv taʼminoti va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator muammolar ham mavjudligi aytib oʻtildi. Xususan, nasoslarni modernizatsiya qilish ishlari bajarilayotgan boʻlsa-da, koʻplab kichik nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi hali ham yuqori. Qolaversa, suv tejashda betonlashgan kanallarning foydasi mavjud boʻlsa-da, bu tajriba barcha hududda teng darajada joriy qilinmagani sugʻorishda suv isrof boʻlishiga olib kelayotgani qayd etilib, holat nazoratga olinishi kerakligi taʼkidlandi. Shuning uchun kelgusida magistral hamda ichki kanallarni betonlashga qoʻshimcha mablagʻ ajratish rejalashtirilgani bu boradagi aniq vazifalarni belgilab berdi.
Yogʻingarchilik moʻl-koʻl boʻlgan hududlarda yomgʻir va sel suvini toʻplash hamda boshqarishda energiyatejamkor nasoslar va quyosh panellarini oʻrnatish orqali elektr energiyasini tejash va qoʻshimcha daromad olish mumkin. Masalan, Xorazm viloyati fermerlari quyosh panellari orqali suv nasoslarini quvvatlantirib elektr energiyasini tejashga erishmoqda. Natijada ortiqcha energiyani davlatga sotib, qoʻshimcha foyda koʻrmoqda. Bu kabi innovatsion amaliyotlar nafaqat elektr energiyasini tejash, balki fermerlarning daromadini oshirish va yangi texnologiyalarni qabul qilishga ragʻbatlantiradi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va lazerli tekislash orqali yerni samarali sugʻorish qamrovi kengaytirilib, mavsumiy sel suvini yigʻish orqali suv resurslarini toʻldirish yoʻlida ham muhim qadamlar qoʻyilmoqda. Bu choralar hududlardagi suv taʼminotini yaxshilash va yerni sugʻorishda barqarorlikni taʼminlash uchun ahamiyatlidir.
Oʻzbekistonda suv boshqaruvini raqamlashtirish, markazlashtirilgan axborot tizimi orqali suv boshqaruvini onlayn kuzatish va tahlil qilish hamda suv isteʼmolini aniq hisobga olish kelgusida qaror qabul qilish va suv tejashga yordam beradi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ilgʻor gidrotexnika texnologiyalarini tatbiq qilish orqali fermerlar va sohadagi mutaxassislar uchun suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha oʻquv dasturlari hamda amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish samaradorlikni oshirishga koʻmaklashadi.
Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mazkur jarayonda ilgʻor suv boshqaruvi standartlari asosida yangi yoʻnalish hamda takliflarni ishlab chiqish muhim. Xalqaro tajribani oʻrganish asosida Oʻzbekiston sharoitiga mos keluvchi innovatsion yondashuvlarni joriy etish lozim. Masalan, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Germaniyada qoʻllanayotgan “suvga sezgir shahar” dizayni (WSUD) va “gubka shahar” konsepsiyasi kabi standartlar asosida suv boshqaruvini yoʻlga qoʻyish orqali suvni tejash va oqimni samarali boshqarish mumkin. Bundan tashqari, “aqlli suv” texnologiyalarini joriy etish bilan suv isteʼmolini real vaqtda monitoring va tahlil qilish qulay. Bu esa muammolarni erta aniqlash va tezkor choralar koʻrishga yordam beradi.
Suv manbalarini optimal taqsimlash, markazlashmagan suv saqlash tizimlari orqali suvni samarali saqlash imkoniyatlarini oshirish va uni Oʻzbekistonda suv tanqisligini yengillatishda samarali qoʻllash mumkin.
Xususiy sektor bilan sheriklikni kuchaytirish va investitsiyalarni jalb qilish suv boshqaruvi infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq keladigan suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun sarmoyalar jalb qilish lozim. Bundan tashqari, aholi va fermerlar oʻrtasida ekologik ongni oshirish va suv resurslarini tejashga eʼtiborni kuchaytirish ham sohadagi muhim jarayonlardan.
Yomgʻir, sel va qor massasidan hosil boʻladigan suv resurslari, tabiiy suv manbalarini tejash va ulardan samarali foydalanish hamda boshqarishga yoʻnaltirilgan choratadbirlar qishloq xoʻjaligida yuqori iqtisodiy samaradorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.