Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda muhandislik sohasida yetuk kadr va mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2024-11-07 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev Yaponiyaga xizmat safari doirasida Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta vitse-prezidenti Imoto Sachiko hamda Sharqiy va Markaziy Osiyo, Kavkaz departamenti boshlig‘i XIROSAVA Masayuki bilan uchrashdi.
Muzokara davomida ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr-mulohazalar olib borilib, qator kelishuvlar va rejalar belgilab olindi.
Jumladan, JICA bilan “Sanoatni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bazasini kengaytirish” kredit loyihasini amalga oshirishga kelishildi. Loyiha asosida hamkorlikda muhandislik sohasida yetuk kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash, Yaponiya oliygohlarida ularning malakasini oshirish bo‘yicha imtiyozli kredit ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim kengashi huzurida muhandislik va texnika yo‘nalishlariga mansub oliygohlar Konsorsiumi tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda mazkur loyiha yo‘nalishlari va istiqbolli rejalarini belgilab olish maqsadida JICA tashkilotining mas’ullaridan iborat ishchi guruhning 2024-yil 12–19-noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirishga kelishildi.
Shu bilan bir qatorda hamkorlikda O‘zbekiston oliygohlarida ta’lim sifatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, yapon ko‘ngilli o‘qituvchi va mutaxassislarining sonini ko‘paytirish belgilandi.