O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasi Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingidan joy oldi.
2024-11-06 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Natijada O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari xalqaro doiralarda nufuzini oshirish orqali o‘z mavqeyini yaxshilamoqda.
6-noyabr kuni Oliy ta’lim sohasidagi global tahlil agentligi (QS Quacquarelli Symonds) Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingining o‘n oltinchi yillik nashri – QS Asia University Rankings 2025 (https://www.topuniversities.com/asia-university-rankings)’ni e’lon qildi.
Reyting natijalari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining sezilarli darajada olg‘a siljigani bilan e’tiborga molik. 2025-yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari yangi reytingiga O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan bo‘lib, bu mamlakat oliy ta’limi tarixidagi mutlaq rekord hisoblanadi.
Shulardan 11 ta OTM o‘z o‘rnini yaxshilagan, 2 ta OTM o‘z o‘rnini saqlab qolgan, 9 ta OTM birinchi marta reytingga kiritilgan va 1 ta OTM o‘z o‘rnini yo‘qotgan. Yangi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z mavqeini eng ishonchli tarzda yaxshilagan Osiyo davlatlaridan biriga aylandi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingi (QS Asia University Rankings 2025) mintaqaning 25 ta mamlakat va hududidan 985 ta oliy ta’lim muassasasini qamrab olgan bo‘lib, ulardan 127 tasi ilk bor Osiyo reytingiga kiritilgan.