Samarqand davlat universiteti Urgut filialida talabalar uchun yangi turar joy binosi foydalanishga topshirildi
2024-11-02 15:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Turar joy davlat xususiy sherikchilik asosida qurilib, shuningdek, talaba va o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida shinam oshxona ishga tushirildi.
Binoning ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti rektori, Urgut tumani hokimi o‘rinbosari, tuman “Nuroniylar” jamoat kengashi raisi, filial jamoasi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Turar joy binosining ramziy lentalari qirqilib, rasman ochib berildi. Yig‘ilganlar keyingi yillarda davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar haqida so‘zlab, bino uzoq yillar davomida talabalarga nafaqat oddiy boshpana, balki qadrli uydek xotira qoldirishiga tilak bildirdilar.
– Bundan ikki yil oldin tumanimizda Samarqand davlat universiteti Urgut filialining tashkil etilishi tarixiy voqea bo‘lgan edi. Mazkur oliy ta’lim muassasasida 1500 nafar talaba tahsil olmoqda. Bugun yigit-qizlarimiz uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi turar joy majmuini ko‘rib, bolalarimizga havas qildim. Ayrim xonadonlarda yo‘q sharoit, ushbu turar joyda bor. Kun sayin filial hududi kengayib bormoqda. Bu kabi qurilishlar va bunyodkorlik ishlari hali davom etishiga, talabalarimiz uchun yanada yaxshiroq imkoniyatlar yaratilishiga ishonaman, – dedi Samarqand davlat universiteti rektori, fan arbobi Rustam Xolmurodov.
– Bugun biz talabalar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Zamonaviy va shinam xonalarga ega turar joy qad rostladi. Barcha talabalar bundan xursand. Endilikda menga o‘xshab boshqa viloyatdan yoki uzoq hududdan qatnaydigan talabalar uchun ancha qulay bo‘ldi, – dedi surxondaryolik talaba Feruza Nizomova.
Filialda 2024/2025-o‘quv yilida jami 1491 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 1395 nafar kunduzgi, 96 nafar talaba sirtqi ta’lim shaklida ta’lim olgani sababli, ularning 624 nafarini yotoqxonaga ehtiyoji bor.
Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida kelgusida yana 400 o‘rinli talabalar turar joyi binosini bunyod etish rejalashtirilgan. Buning natijasida jami 800 nafar talaba turar joy bilan qamrab olinadi.