SIFATLI KASBIY TA’LIM TIZIMINI YARATISH ISTAGI Yangi farmon sohadagi ishlarni jadallashtiradi
2024-10-31 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 221-soni
Munosabat
Kasbiy ta’lim zamon talablariga javob bera oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun asos yaratarkan, iqtisodiyot va jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Mehnat bozoridagi jadal o‘zgarishlar va iqtisodiy jarayonlarning globallashuvi sharoitida ta’lim tizimini modernizatsiya qilish har bir mamlakat uchun eng muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
O‘zbekistonda bu masala alohida ahamiyat kasb etib, zamon talablariga mos o‘zgarishlar kechmoqda. Joriy yil 16-oktyabrda Prezidentimizning “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu qadam davlatimizning ichki va jahon mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga qodir yuqori sifatli va raqobatbardosh kasbiy ta’lim tizimini yaratish istagini aks ettiradi.
Mazkur farmon bilan belgilangan tub o‘zgarishlar 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kasbiy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etilishida namoyon bo‘ladi.
Yaqin tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, kasbiy ta’lim tizimida 2019-yilga qadar kasb-hunar kollejlarida 3-yillik dasturlar asosida faqatgina kunduzgi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlanardi. Kasb egallash imkoniyatiga esa faqatgina umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini tamomlagan yoshlargina ega bo‘lardi.
So‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda kasbiy ta’lim sohasida yoshlarga qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar kechdi. Ushbu o‘zgarishlar natijasida aholining kasb olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Nazariy bilimlarni ishlab chiqarishda amaliy tajriba bilan birlashtirgan ikki tomonlama o‘qitish tizimini joriy yetishga alohida e’tibor qaratildi. Bu yosh mutaxassislarga nafaqat nazariy bilimlarni olish, balki ishlab chiqarish korxonalarida ish boshlash uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga imkon berdi. Yoshlarimiz uchun ham ishlab, pul topish, ham ta’lim olish imkoniyati yaratilib, dual ta’lim shaklida o‘qitish tizimi joriy qilindi.
Yangi tizim bo‘yicha yo‘lga qo‘ygan kasbiy ta’lim tizimida “Hayot davomida ta’lim olish” tamoyili asosida kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda kunduzgi, kechki, sirtqi va dual ta’lim shakllarida o‘qitish, shuningdek, kasbga egallash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun qisqa muddatli kasbga o‘qitish kurslari ochildi. Bu esa, o‘z navbatida, barcha toifadagi aholini kasbga o‘qitish tizimli yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Endi 2019-yili mutlaqo yangi tashkil qilingan kasbiy ta’lim tizimida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan islohotlarni takomillashtirish va mehnat bozori uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish zarurati vujudga keldi.
Mehnat bozorida yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari hamda ish beruvchilarning o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyoji, shuningdek, ularning talablariga mos ravishda kadrlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni shu masalalarni ko‘rib chiqish uchun davlatimiz rahbari joriy yil 24-sentyabrda kasbiy ta’limni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Umuman olganda, kasbiy ta’lim sohasidagi qator muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan joriy yil boshida Prezidentimiz tomonidan vazifa qo‘yilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha o‘tgan vaqt mobaynida tizim samaradorligi tanqidiy o‘rganilib, qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Kasbiy ta’lim bo‘yicha o‘rganishlar 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollejda o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlashda tabaqalashgan (boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim bosqichlari) ta’lim dasturlari o‘rtasida uzviylik yo‘qligi sababli mavjud quvvatlardan unumli foydalanilmayotganini ko‘rsatdi.
Endilikda kasbiy ta’lim tizimining boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritilishi belgilandi. Shuningdek, 3 ta ta’lim muassasasi negizida texnikumlar tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, zamon talablariga tez moslashishini ta’minlash uchun texnikumlarning akademik mustaqilligini kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish orqali texnikumlardagi ta’lim jarayonini yanada yuqori darajaga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimizning shu yil 30-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 16-oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
farmoni qabul qilinishi kasbiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqadi, deb baralla aytishimiz mumkin.
Rivojlangan mamlakatlarda mehnat bozori uchun zarur kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi transformatsiyasining asosiy mezonlaridan biri mehnat bozori va kasbiy ta’lim xizmatlari o‘rtasida chambarchas bog‘liqlikni ta’minlashdan iborat. Bu borada malakali kadrlar tayyorlash holati va rivojlanish tendensiyalari hamda mehnat bozoriga o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va ularni ish bilan ta’minlash mexanizmini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekistonda mehnat bozori talablariga ko‘ra malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashda ta’lim sohasining xalqaro ta’lim tizimi bilan o‘zaro uyg‘unlashuvi bitiruvchilar malakasini xalqaro mehnat bozorida ham tan olinishiga olib keladi. Bu o‘sib borayotgan aholimizni ish bilan ta’minlashda ustuvor vazifalardan biri sanaladi. O‘z navbatida, yangi kasbiy ta’lim tizimi kambag‘allikni qisqartirish uchun qilinayotgan ishlar bilan o‘zaro hamohanglikni ta’minlab, zamonaviy kasb egallagan aholi qatlamining daromad topish imkoniyatini tizimli yaratib beradi.
Ayni shu maqsadlarda mazkur farmon bilan kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ular orasida kasbiy ta’lim tashkilotlarini maqbullashtirish hamda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona ko‘p tarmoqli ta’lim tashkilotlari tizimini joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari talablariga mos kadrlar tayyorlash imkoniyatini kengaytirish, zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
O‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish, o‘qitish yakuni bo‘yicha beriladigan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning xorijiy davlatlarda tan olinishiga erishish muhim yo‘nalishlardan biridir. Bundan tashqari, tizimni bosqichma-bosqich raqamlashtirish orqali o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, maxsus elektron platformalar tatbiq qilish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda. Bitiruvchilarining ko‘nikma va kompetensiyalarini baholash tizimini tubdan yangilash orqali esa ish beruvchilar talablariga to‘la mos keladigan kadrlar tayyorlash maqsadi qo‘yilgan.
Shu bilan birga, kasbiy ta’lim tashkilotlari turlarini maqbullashtirish hamda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan 600 ta texnikum tashkil etildi. Ularda kadrlarni tayyorlash bir necha muhim talablarga mos ravishda tashkil etiladi. Avvalo, Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va O‘zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda amalga oshiriladi. Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi. Boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash umumiy o‘rta ta’limning 9-sinfini tamomlagan o‘quvchilar uchun davlat granti asosida, kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan boshqa talabgorlar uchun to‘lov-kontrakt asosida, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha esa davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Xorijiy tajribalarni puxta o‘rgangan holda, 2021-yilda kasbiy ta’lim tizimiga Germaniya tajribasi asosida dual ta’lim shakli joriy etilgani ijobiy natijalarni ko‘rsatgani bois, kasbga o‘qitish tizimini shu yo‘nalishda takomillashtirishga oid vazifalar ham belgilandi.
Prezidentimiz raisligida 2024-yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, o‘tgan yilgi 380 ming maktab bitiruvchisidan 180 mingi ta’limni kollej, texnikum yoki oliygohda davom ettirmoqda. Qolgan 200 ming bitiruvchining mehnat bozoriga kirib kelishi uchun ularni dual ta’lim shaklidagi 234 ta profta’lim muassasasida o‘qishini ta’minlashga erishilmagani tanqid qilindi.
Shu bois, vazirliklar o‘zlariga tegishli kollej va texnikumlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashni tizimli olib borish, ulardagi quvvatni 100 foiz ishlatish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgan edi. Shuningdek, yig‘ilishda 50 ming kollej-texnikum o‘quvchisini dual ta’lim bilan qamrab olishni tashkil qilish hamda bu ishlar, avvalo, to‘qimachilik, qurilish va qurilish materiallari, elyektrotexnika sanoati, mashinasozlik yo‘nalishlarida boshlanishi belgilangan.
Yil boshida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2023/2024 o‘quv yilidan 245 ta professional ta’lim muassasasida Germaniya tajribasi asosida dual ta’lim shakli joriy etildi. Dual ta’lim shaklini samarali tashkil etish maqsadida 3546 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatildi, ular tomonidan o‘quvchilarga 5 mingdan ziyod ustoz biriktirildi.
Milliy malaka tizimiga muvofiq, kasbiy ta’lim tizimida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini kompetensiyalarga asoslangan ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimiga o‘tildi. Xususan, hozirgi kunda 340 dan ortiq kasb bo‘yicha kompetensiyaga asoslangan dasturlar amaliyotga joriy qilindi.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab 233 ta texnikumda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish belgilandi. Bu vazifalarni izchil davom ettirish maqsadida mazkur farmon bilan dual ta’lim shaklida o‘quvchilarni qabul qilish ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladi. Endi kasbiy standartlar asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlari kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari, tadbirkorlik subyektlari birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi. Bitiruvchilarni yakuniy baholash soha ekspertlari, kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari, baholashga vakolatli tashkilotlar, ish beruvchilar, uyushmalar va Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirokida ko‘rgazmali imtihonlar shaklida amalga oshiriladi. Bu, o‘z navbatida, kasbiy ta’lim muassasalari tomonidan o‘quvchilarga beriladigan malakalarni bevosita ish beruvchilar, jumladan, xususiy sektor vakillari ishtirokida baholash tizimiga o‘tilishidan dalolat beradi.
Berilgan malakalarning bevosita ish beruvchilar tomonidan baholanishi kelgusida ularga berilgan malakalarning mehnat bozorida tan olinishi hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Kasbiy ta’lim rivojlangan mamlakatlarda kadrlar tayyorlash bevosita ish beruvchilar ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda nazariy bilimlar ta’lim muassasalarida, amaliy ko‘nikmalar esa korxona va tashkilotlarda o‘rgatiladi.
Endi mamlakatimizda beriladigan malakalar tashqi mehnat bozorida tan olinishi bilan bog‘liq qadamlar tashlandi. Yangi tashkil qilingan texnikumlarda bosqichma-bosqich xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilinadi. O‘rta bo‘g‘in kadrlariga talab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Kasbiy ta’lim” platformasi orqali shakllantirilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qabul jarayonini ish beruvchilar talabi va hududlarning ixtisoslashuvi asosida shakllantirish ham muhim. Xorijiy tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, Buyuk Britaniyada mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, iqtisodiyotning tarmoq tarkibi, innovatsion rivojlanish natijasida ishlab chiqarish jarayonidagi o‘zgarishlarning mehnat bozoriga ta’sirini inobatga oladi.
Germaniyada esa mamlakat mehnat bozorining yuqori va o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojini baholashda turli mutaxassisliklar kesimida yaxlit iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, hududlar miqyosida makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari rivojlanishiga oid ilmiy asoslangan prognoz ko‘rsatkichlarga tayaniladi.
Mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimida yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, o‘quvchilarda yetarli ko‘nikmalarni shakllantirish, iqtisodiyot tamoqlarida har bir soha uchun kadrlar tayyorlash infratuzilmasi yaratilmoqda. Bunda har bir tarmoq o‘z yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlariga buyurtmalar portfelini shakllantirishi, investitsiya loyihalari asosida yaratiladigan ish o‘rinlari uchun talab etiladigan hamda yangidan ichki mehnat bozoriga kirib kelayotgan yangi kasblarni shakllantirishi lozim. Yaratiladigan yangi ish o‘rinlari uchun talab etiladigan kasbiy va til bilish ko‘nikmalariga bo‘lgan talabni o‘rganib borish, kadrlarni oldindan tayyorlash mexanizmini joriy etish muhim omil hisoblanadi.
Aziz MELIBOYEV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
vazir kotibiyati boshlig‘i