O‘zbekiston—Eron oliy ta’lim va innovatsiyalar sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
2024-10-21 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Vazir Q. Sharipov O‘zbekistonda fan va texnologiyalar rivoji, ilmiy-tadqiqot sohasidagi yutuqlar hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishi, suv tejamkorlik va irrigatsiya texnologiyalari yo‘nalishlarida olib borilayotgan tadqiqotlar va amaliy loyihalar tanlovi yutuqlari qayd etildi.
Ikki davlat olimlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni davom ettirish va yosh olimlar almashinuvi muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonlik yosh olimlar uchun Eronning ilg‘or oliy ta’lim va ilmiy muassasalarida qisqa muddatli stajirovka dasturlarini davom ettirish, xalqaro ilmiy forumlar va konferensiyalarda birgalikda ishtirok etish masalalari ham muhokama qilindi.
Elchi Muhammadali Iskandariy o‘z navbatida O‘zbekiston tomonining takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Texnologiyalar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini aytib, bu takliflarni amalga oshirishda o‘zaro sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tehronda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston vakillarini ishtirok etishga taklif etdi.
Bu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi fan, texnologiyalar va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.