Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari
2024-10-21 12:30:00 / Reja va tadbirlar
Hozirga qadar professional ta’lim tizimi 3 ta turdagi jami 672 ta muassasa: 333 ta kasb-hunar maktabi, 112 ta kollej va 227 ta texnikumdan iborat bo‘lib, ushbu muassasalar tabaqalashgani va dasturlari o‘rtasida uzviylik bo‘lmagani natijasida, ularning quvvatlaridan unumli foydalanilayotgani aniqlangan.
Endilikda Prezident farmoni bilan 3 ta turdagi muassasalarni optimallashtirilib, ularning negizida barcha darajalar va yo‘nalishlar bo‘yicha kadr tayyorlaydigan yagona muassasa turi – texnikumlar tashkil etiladi. Bunda, 672 ta professional ta’lim muassasalari negizida 600 ta texnikum tashkil etiladi, 71 ta ta’lim muassasalari maktablarga berilib, 42 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratiladi.
Barcha dasturlarni bitta muassasa negizida o‘qitish natijasida ta’lim darajalarining uzviyligi, uzluksizligi va integratsiyasi ta’minlanadi hamda ularning smena koeffitsiyenti normallashadi.
Jumladan, professional va oliy ta’lim modullarini yagona dasturga birlashtirish va “2+2”, “1+3” kabi moslashuvchan dasturlar bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Texnikumlarda o‘qish muddatlari va davomiyligini kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab belgilanadi. Misol uchun, “Ekspeditor” kasbi bo‘yicha 9-sinf bitiruvchisi 3 yil o‘qisa, 11-sinf bitiruvchisi 2 yil o‘qiydi.
O‘z navbatida turli darajadagi kasbiy ta’lim dasturlarining o‘zaro muvofiqligi va uzviyligi ta’minlanadi, ya’ni o‘zlashtirilgan modullardan kelib chiqib ta’lim dasturlarining o‘qitish muddatlari belgilanadi. O‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilari o‘zlashtirgan modullari, to‘plangan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning muayyan bosqichidan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Texnikumlarning mustaqilligi kengaytiriladi va ular ish beruvchilar talabi asosida fanlar soni va soatlarini 30 foizgacha o‘zgartirish va qo‘shma dasturlarni joriy qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Texnikumlar buyurtmachilar bilan kontrakt asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha shartnomalar tuzish, ushbu dasturlarning qabul parametrlari, ta’lim tili va qiymatini mustaqil belgilaydi. Shuningdek, texnikumlarga mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish, tushgan pullar hisobidan o‘zining moddiy holatini yaxshilash, o‘quvchilar va pedagoglarni rag‘batlantirish huquqi berilmoqda.
Farmonga muvofiq, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi. Xususan, dasturlar sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda tajriba tariqasida 12 ta kvalifikatsiya bo‘yicha “Pirson” kompaniyasining BITEK dasturini joriy qilinadi. Ta’kidlash joizki, Pirson yetakchi xalqaro ta’lim tashkiloti bo‘lib, dunyo bo‘ylab 784 ta markazga ega va uning 90 foiz bitiruvchisi ish bilan ta’minlanadi.
Bunda, har bitta texnikumda BITEK dasturi bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil etiladi. Bo‘lim xodimlari Pirson kompaniyasi bilan hamkorlikda dastur joriy qilinishini to‘liq muvofiqlashtirib boradi. BITEK dasturi joriy qilingan muassasalarga to‘liq akademik mustaqillik beriladi.
BITEK dasturlarini amaliyotga kiritish natijasida 180 nafar pedagogning malakasi oshiriladi va yiliga 1 680 nafar talabgor o‘qishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi va 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi. Natijada, rivojlangan davlatlardagi malakali va yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborilgan muhojirlarning ko‘lami oshadi.
BITEK dasturlarini joriy qilish natijasidan kelib chiqib, ushbu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etiladi.
Prezidentning mazkur Farmoni bilan o‘qitish jarayoniga ish beruvchilar keng jalb qilinadi. Hozirgacha qabul parametrlari va ta’lim dasturlari ish beruvchilar talabi asosida emas, balki ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar va mavjud asbob-uskunalardan kelib chiqqan holda shakllantirilib kelinayotgani bois muayyan hududlarda muayyan o‘rta bo‘g‘in kadrlarga ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘sha hududda joylashgan texnikumda ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmaganini kuzatish mumkin.
Bu holatni bartaraf etish maqsadida qabul parametrlarini shakllantirish bo‘yicha elektron platforma yaratiladi, barcha vazirlik va ish beruvchilar unga ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari tarmoq kengashlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi.
Bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi ish beruvchilar va uyushmalar vakillari ishtirokida amaliy imtihon shaklida o‘tkaziladi. Professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar bilimini yakuniy baholash asosan muassasadagi xodimlardan tashkil topgan komissiya tomonidan o‘tkazilishga barham beriladi.
Farmonga ko‘ra, sohada zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etiladi. Hozirgacha professional ta’limda yaxlit boshqaruv tizimi mavjud bo‘lmaganligi va muassasalar 27 ta vazirlik va idoralar bo‘ysunuviga berilganligi sababli, ularning faoliyati samarali tashkil etilmagan. Vazirliklar o‘rtasida muvofiqlashtirish bo‘lmaganligi sababli 75 ta kasbga o‘qitish markazida o‘qitilayotgan 30 dan ortiq kasblar yaqin hududdagi 275 ta professional ta’lim muassasasida ham o‘qitilmoqda.
Shunga ko‘ra, professional ta’limda tashkiliy-boshqaruv va metodik masalalarni muvofiqlashtiruvchi va yagona davlat siyosatini yurituvchi organ sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilanmoqda.
Bunda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ta’lim muassasalarida o‘qitilishi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati, ular bo‘yicha beriladigan malaka darajalari va o‘qitishning minimal muddatlarini belgilaydi.
Professional ta’lim muassasalarini adabiyotlar va jihozlar bilan ta’minlash hamda o‘quv jarayonini raqamlashtirish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida alohida Jamg‘arma tashkil etilmoqda. Bunda Jamg‘armaga Vazirlikning budjetdan tashqari jamg‘armasidan 50 mlrd so‘m va Davlat budjetidan 2025-yilda 50 mlrd so‘m ajratiladi.
Texnikumlarning direktor va direktor o‘rinbosari lavozimlariga talabgorlarni tanlash Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining onlayn platformasi orqali ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Texnikum direktorlari bilan 3 yillik mehnat shartnomasini tuzish va faoliyat natijasidan kelib chiqib, ular bilan shartnomani uzaytirish yoki bekor qilish tartibi joriy etiladi.
Joriy etilayotgan choralar O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimi yanada takomillashtirish, ishsizlikni kamaytirish va malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash imkonini beradi.