Olmaliq Muhandislik maktabiga tanishuv tashrifi
2024-10-19 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Maxkamov hamda Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyatidan vakillar ushbu tanishuv tashrifida ishtirok etadi. Har bir oliy ta’lim muassasasi o‘zining sanoatdagi hamkori bilan birga Muhandislik maktabning o‘quv va amaliyot jarayonlari, laboratoriyalari, texnoparklari va boshqa texnik bazalari bilan tanishadi. Tashrifning asosiy maqsadi ta’lim jarayonida sanoat bilan yaqin aloqada bo‘lish, talabalarga amaliy bilimlarni chuqurroq singdirish, va sanoat talablariga mos muhandislarni yetishtirishga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirishdir.
Muhandislik maktabiga tashrif rejalari doirasida rektorlar va sanoat vakillari o‘zlari o‘rganadigan texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar, hamda talabalarning mavjud bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini ko‘zdan kechiradilar. Ushbu tashriflar nafaqat O‘zbekiston ta’lim tizimini mustahkamlash, balki sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhandislik maktabini ko‘zdan kechirish va ta’lim jarayonlari bilan tanishgandan so‘ng, delegatsiya vakillari Olmaliqdagi "Yoshlik-1" koni va 3-mis boyitish fabrikasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Ushbu tashrif sanoat va ta’lim sohalarining o‘zaro uzviy bog‘liqligini ko‘rsatish, shuningdek, muhandislik sohasidagi amaliy bilimlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida tashkil etildi.
"Yoshlik-1" koni O‘zbekistonning muhim sanoat ob’ektlaridan biri hisoblanib, mamlakatning mis resurslarini qazib olishda katta ahamiyatga ega. Tashrif chog‘ida konning zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilayotgan qazish ishlari, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi. Bu jarayonlar muhandislik ta’limi uchun katta ahamiyat kasb etib, talabalarga real amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan so‘ng, delegatsiya vakillari 3-mis boyitish fabrikasiga yo‘l oldi. Fabrika mis rudalarini boyitish jarayonlari bilan tanishtirildi, unda konlardan olib kelingan ruda yuqori texnologiyalar yordamida qayta ishlanadi. Mehmonlar boyitish jarayonining har bir bosqichi, ishlab chiqarish quvvati va sanoatga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor bo‘ldilar.