Germaniyaning hamkor tashkilot rahbarlari Toshkent shahridagi professional ta’lim muassasalari faoliyatini borib ko‘rishdi
2024-09-25 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Dastlabki manzil Shayxontohur tuman kasb-hunar maktabi bo‘ldi. Muassasada 10 dan ortiq kasb bo‘yicha 1335 nafar o‘quvchi ta’limning kunduzgi va dual shakllari bo‘yicha ta’lim olmoqda. 4 ta kasb bo‘yicha 321 nafar o‘quvchi “Nur Teks” MCHJ, “Tashkent Real Teks” MCHJ, “Sintez group” MCHJ, “BYD UZBEKISTAN FACTORY” MCHJ QK kabi ish beruvchilar bilan hamkorlikda dual ta’lim shaklida o‘qitilmoqda.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekistonda professional ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlari qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida kasb-hunar maktabi yengil sanoat yo‘nalishlari bo‘yicha tikuv mashinalari to‘plamlari (21 ta tikish mashinasi, 6 ta overlok, 6 ta interlok, 3 ta zigzak, 3 ta kashta tikish), 9 ta kesish stoli, dazmollash dastgohi hamda 3 ta kо‘p funksiyali raqamli “smartboard” bilan ta’minlandi.
Keyingi manzil Toshkent transport texnikumida 13 ta mutaxassislik va 14 ta kasb bo‘yicha 2856 nafar o‘quvchi ta’limning kunduzgi, sirtqi va dual shakllarida tahsil olayotganligi mas’ullar tomonidan ma’lum qilindi. Shuningdek, 462 nafar o‘quvchi temir yo‘l sohasidagi ish beruvchilar bilan hamkorlikda dual ta’lim shaklida o‘qitilmoqda.
Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida texnikum pedagog kadrlari Biznes asoslari bo‘yicha mahalliy trener sifatida tayyorlandi.
Germaniyaning KfW taraqqiyot banki mintaqaviy direktori Andreas Shnayder texnikum “Professional ta’lim tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida Germaniya standartlari asosida kadrlar tayyorlash uchun eng zamonaviy jihozlar va ta’lim dasturlari bilan ta’minlanishini ta’kidladi.
Delegatsiya a’zolari Joriy yilning sentyabr oyida Germaniya kanslerining Samarqandga tashrifi chog‘ida temir yo‘l, avtomobil transporti, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini qurish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi kelishuv imzolanganini alohida qayd etishdi.
Yaqin kelajakda transport kompaniyalari faoliyati samaradorligi va ular ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz – dedi Andreas Shnayder.